Logo

Pokistondan munosabat: Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi strategik muloqot Markaziy Osiyoda ishonch va integratsiyani oshirmoqda

55
Pokistondan munosabat: Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi strategik muloqot Markaziy Osiyoda ishonch va integratsiyani oshirmoqda

ISLOMOBOD, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistondagi Janubiy Osiyo tahlili va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori Said Xolid Amir Jafri “Dunyo” AA muxbiriga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning 26-27-mart kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida fikr bildirdi:

– Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan O‘zbekistonga davlat tashrifi Markaziy Osiyodagi siyosiy-iqtisodiy yaqinlashuv jarayonlarining mantiqiy davomi sifatida baholanishi mumkin.

Ushbu tashrif nafaqat O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi integratsiya jarayonlarini yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyatga ega.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida gidroenergetika va suv resurslarini boshqarish masalalari bo‘yicha muloqotni izchil chuqurlashtirish alohida ahamiyatga ega. Shunisi e’tiborga loyiqki, bir necha yil oldin ma’lum ziddiyatlarni keltirib chiqargan mavzular bugungi kunda konstruktiv va o‘zaro manfaatli tarzda hal qilinmoqda. Bu mintaqada o‘zaro ishonch darajasi sezilarli o‘sayotganidan dalolat beradi va Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hamkorlikning samarali institutsional mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Pokiston uchun ushbu tashrifning ahamiyati kengroq geoiqtisodiy kontekstda qabul qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi Pokiston uchun shimoliy yo‘nalishda yangi tranzit va savdo imkoniyatlarini ochadi. Xususan, Markaziy va Janubiy Osiyoni temir yo‘l va avtomobil kommunikatsiyalari, jumladan, Afg‘oniston orqali o‘tadigan transport yo‘laklari orqali bog‘lash tashabbuslari butun mintaqa uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash butun Yevroosiyo makonida logistika zanjirlarini diversifikatsiya qilish va barqaror yetkazib berish yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Xavfsizlik masalalari ham sammit kun tartibidan o‘rin olishi tabiiy. Afg‘onistondagi vaziyat, transmilliy tahdidlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy manfaatlariga to‘liq mos keladi. O‘zbekiston va Tojikistonning bu boradagi yondashuvlarini yaqinlashtirish mintaqaviy xavfsizlikning zamonaviy va samarali arxitekturasini shakllantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirishdagi o‘rni alohida strategik ahamiyatga ega. O‘zbekiston yetakchisining tashabbuslari bilan so‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy muloqotning muntazam va institutsionallashgan mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi, chegara va suv masalalari bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlar topildi, savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashdi.

Eng muhimi, O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda raqobat emas, balki o‘zaro manfaatli hamkorlik muhiti shakllanmoqda. Bu nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki Pokiston kabi qo‘shni va strategik sheriklar uchun ham barqarorlik va izchil taraqqiyotning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining barqaror taraqqiyoti va farovonligini oshirish uchun yangi istiqbollar ochadi, deb hisoblashga barcha asoslar yetarli.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish