Moskvadan munosabat: Toshkentdagi oliy darajadagi uchrashuvlarda O‘zbekiston–Tojikiston strategik sherikligi yanada mustahkamlandi
Mart 31, 2026. 12:32 • 2 daq
• 124
MOSKVA, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, Jamoatchilik diplomatiyasi va jahon siyosatini tahlil qilish markazi direktori, Rossiya xalqaro ishlar kengashi eksperti Aleksandr Vorobyov “Dunyo” AA muxbiriga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning 26-27-mart kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi haqida fikr bildirdi:
– Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar natijalarini ikki mamlakat munosabatlarida o‘ta muhim deb baholash mumkin, chunki tashrif davlat tashrifi maqomiga ega edi. Bir tomondan, Prezident Emomali Rahmonning tashrifi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi vaqtda erishilgan chuqur xarakterini ta’kidladi. Tomonlar, asosan, Toshkent va shaxsan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faol pozitsiyasi tufayli ko‘p narsaga erishdi.
Boshqa tomondan, ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalarni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirishga yangi va jiddiy turtki berdi, garchi tomonlar siyosiy muloqot va xavfsizlik sohasidagi muloqotni unutmagan bo‘lsalar-da.
Birinchidan, ikki tomonlama munosabatlarning yanada institusionallashuvi yuz berdi – ikki mamlakat Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi katta qadamdir.
Ikkinchidan, oziq-ovqat, qurilish, to‘qimachilik va charm sanoatida o‘nga yaqin yangi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga kirishildi. “Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini tashkil etishni jadallashtirish, tovarlarni sertifikatlash va ruxsatnomalar almashishning raqamli tizimlarini joriy etish, chegara o‘tish joylarini modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi kelishuvlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, ikki mamlakat ishbilarmonlari va fuqarolarining o‘zaro hamkorligini osonlashtirishi kerak.
26–27-mart kunlari erishilgan qarorlarning samarasi, albatta, darhol bo‘lmaydi. Loyihalar uzoq muddatli xarakterga ega. Biroq, istiqbolda bu ham O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlaydi, ham ularning iqtisodiyoti o‘sishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki beradi.
Umuman olganda, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlaydi. Ya’ni, hozirgi murakkab geosiyosiy davrda Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlarni yanada izchil rivojlantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi