Logo

Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda

Aprel 01, 2026. 17:20 • 2 daq

60
Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston–Tojikiston munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda

DUSHANBE, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AA muxbiriga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning 26-27-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgani xususida fikr bildirdi:

– O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari 1992-yildan beri shakllanib, vaqt sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda hamkorlik aloqalari sezilarli darajada rivojlandi. 2018-yildan buyon davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari ikki xalq o‘rtasida ishonchni yana-da kuchaytirib, barqaror hamkorlik uchun mustahkam asos yaratdi.

2024-yil aprel oyida O‘zbekiston rahbarining Tojikistonga davlat tashrifi natijasida munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. 2026-yil 26–27-mart kunlari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi esa bu yaqinlashuv jarayoni izchil davom etayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Tashrif doirasida yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazildi hamda O‘zbekiston va Tojikiston davlat yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik faqat siyosiy sohada emas, balki iqtisodiyotda ham faol rivojlanmoqda. Xususan, tovar ayirboshlash hajmi 2025-yil yakuniga ko‘ra, 900 million dollardan oshdi va uni 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, o‘zaro investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika tizimini rivojlantirish, suv-energetika masalalarini hal qilish, shuningdek, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlik kengayib bormoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi bunday yaqin hamkorlik nafaqat ikki davlat, balki butun Markaziy Osiyo kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu do‘stlik tandemi Yangi Markaziy Osiyoni barpo etishda mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.

2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston chegaralari tutashgan nuqta bo‘yicha tarixiy shartnoma imzolangani mintaqadagi ko‘plab muammolarga yechim bo‘ldi. Bu kelishuv Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik hududiga aylantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish