Hindistondan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish mamlakatning diplomatik korpusi uchun burilish nuqtasi bo‘ldi
Yanvar 19, 2026. 08:10 • 2 daq
• 214
DEHLI, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “Vivekananda” xalqaro jamg‘armasi ilmiy xodimi, doktor Pravesh Kumar Gupta “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida davlatimiz rahbari tomonidan 15 yanvar kuni O‘zbekiston diplomatlari oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalar ahamiyati haqida fikr bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish O‘zbekiston diplomatik korpusi uchun muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Global geosiyosiy keskinlik kuchaygan, mintaqaviy va ichki islohotlarga tahdidlar yuzaga kelgan bir sharoitda, mamlakat o‘z tashqi siyosatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, yangi yo‘nalishlarni belgilamoqda.
Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini yangilash, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish hamda eksport, investitsiya, turizm va legal mehnat migratsiyasi sohalarida aniq natijalarga erishish zarurligiga eʼtibor qaratar ekan, O‘zbekiston Prezidenti pragmatik “yo‘l xaritasi”ni taqdim etdi. Ushbu reja xalqaro maydonda beqarorlik ortib borayotgan sharoitda mamlakat milliy manfaatlariga to‘liq javob beradi.
Hindiston nuqtai nazaridan qaraganda, Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik va mintaqaviy barqarorlik tamoyillariga umumiy sodiqlikni inobatga olsak, ushbu tashabbus katta xayrixohlik bilan kutib olinadi. O‘zbekistonning huquqiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish va proaktiv konsullik yordamini ko‘rsatish orqali xorijdagi o‘z fuqarolarini faol himoya qilishga qaratayotgan alohida eʼtibori, ayniqsa, Yevropa va Yaqin Sharq kabi mintaqalarda migratsiya bilan bog‘liq muammolar kuchaygan bir davrda muhim bo‘shliqni to‘ldirmoqda.
Elchilar oldiga amaliy ko‘rsatkichlarni taʼminlash, xususan, asosiy bozorlarga eksport hajmini ikki baravar oshirish yoki AQSH bilan mavsumiy ishchilar uchun vizalar bo‘yicha muzokaralar olib borish kabi talablarning qo‘yilishi diplomatiyaning natijadorlikka yo‘naltirilganini anglatadi. Bunday yondashuv rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega boshqa davlatlardagi shu kabi islohotlar uchun namuna bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, yig‘ilishda global transformatsiyalarga, jumladan, iqtisodiy o‘zgarishlar va mintaqaviy ziddiyatlarga moslashishga berilgan urg‘u O‘zbekistonni BMT va “Markaziy Osiyo plyus” muloqot formatlari kabi maydonlarda proaktiv ishtirokchi sifatida namoyon etmoqda.
Bu esa Hindiston kabi hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, chunki O‘zbekistonning maqsadlari “yashil” energetika, raqamli transformatsiya va infratuzilma sohalaridagi mavjud imkoniyatlar bilan hamohangdir.
Umuman olganda, ushbu ko‘rsatmalar nafaqat O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini mustahkamlaydi, balki barqaror rivojlanish uchun zamin yaratadi va yaqin yillarda ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
