“Artmagazin”: Chorvoq dam olish zonasi – Bo‘stonliq durdonasi
Yanvar 25, 2026. 14:20 • 2 daq
• 206
BUDAPESHT, 28-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning ommabop “Artmagazin” nashrida “Chorvoq dam olish maskani – Bo‘stonliq tumanining durdonasi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, G‘arbiy Tyan-Shan tog‘lari bag‘ridagi ushbu hudud yilning istalgan faslida faol dam olish ishqibozlari uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Yoz oylarida sayyohlar “Piramida”, “Layner” kabi zamonaviy plyajlarda cho‘milish, katamaran va gidrotsikllarda sayr qilish hamda paraplanda parvoz qilishdan zavqlanishi mumkin. Qishda esa Chorvoqdan bir necha daqiqalik masofada joylashgan Chimyon va Bildirsoy kurortlari chang‘i hamda snoubord ishqibozlarini o‘ziga chorlaydi.
“Chorvoq hududida sayyohlar uchun barcha sharoitlar mavjud. Mahalliy oshxonaning o‘ziga xos taʼmlari – tog‘ tandir kaboblari, shashlik va xushbo‘y ko‘katli somsalar hududdagi ko‘plab choyxona va restoranlarning tashrif qog‘oziga aylangan. Yo‘l bo‘yidagi bozorlarda mahalliy aholi tomonidan tayyorlangan tog‘ asali, shifobaxsh giyohlar va hunarmandchilik buyumlarini xarid qilish mumkin”, deb yozgan muallif.
Nashrda taʼkidlanishicha, Poytaxt Toshkentdan atigi 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Chorvoqning transport infratuzilmasi izchil rivojlanib bormoqda. Bu unga 1,5–2 soat ichida yetib borish imkonini beradi.
O‘zbekistonning milliy turizmni rivojlantirish strategiyasi doirasida mintaqada har yili yangi mehmonxonalar va ko‘ngilochar maskanlar barpo etilmoqda. Tabiat go‘zalligi, faol hordiq va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan Bo‘stonliq tumani haqli ravishda O‘zbekistonning turizm sohasidagi yetakchi maskanlaridan biri hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
