Logo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Mart 18, 2026. 18:29 • 2 daq

128
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Mamlakatimizda bu yilgi muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli joylarda mahalliy hokimliklar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida kam taʼminlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, keksa va nogiron insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, iftorlik marosimlari hamda xayriya tadbirlarini ixcham va tartibli tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda aholi turmush darajasini oshirish, inson qadrini yuksaltirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik, o‘zaro hurmat, saxovat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidlash lozim.

Ana shunday ezgu va savob ishlarni izchil davom ettirgan holda, muqaddas Ramazon hayitini har tomonlama munosib kutib olish, uning insonparvarlik mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida qaror qilaman:

1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 20-mart - juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2026-yil 20-mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Quyidagilar:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini hududlarda xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga hamda Navro‘z umumxalq bayramiga uyg‘un holda ko‘tarinki ruxda nishonlash, bayram kunlarida aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yana-da mustahkamlashga qaratilgan madaniy-maʼrifiy hamda xayriya tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

b) Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish