Logo

O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda

Mart 16, 2026. 15:22 • 3 daq

51
O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda

GUANCHJOU, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi va Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan Guandun provinsiyasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi investitsiya hamkorligiga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda Guandun provinsiyasining vazirlik va idoralari, savdo-sanoat palatalari, ishbilarmon doiralari va yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Forumda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal va barqaror ravishda rivojlanayotganini ta’kidlab, so‘nggi yillarda delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari, turli iqtisodiy tadbirlar sezilarli darajada faollashganini qayd etildi. Ishtirokchilar mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish, yuqori sifatli milliy mahsulotlarimiz eksportini kengaytirish masalalarida ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Yig‘ilganlarga ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, savdo, investitsiyalar va turizm sohalarida kuzatilayotgan ijobiy dinamika, amalga oshirilayotgan yirik qo‘shma loyihalar hamda iqtisodiy munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi.

Tadbir davomida Sirdaryo viloyatining taqdimoti o‘tkazildi. Unda hududning iqtisodiy salohiyati, drayver tarmoqlari, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zona faoliyati, undagi soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyozlar, yangi ishlab chiqilgan investision loyihalar hamda turizm imkoniyatlari haqida gapirib berildi.

Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, aniq loyihalarni muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini o‘tashi, hamda kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga mustahkam zamin yaratishi alohida ta’kidlandi.

Forum yakunida G2B va B2B formatidagi muzokaralar o‘tkazildi hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan bir qator sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Xitoylik tadbirkor Lin Vey-In:

- Biz bugungi forumda ishtirok etish orkali O‘zbekistonning deyarli barcha sohalari rivoji va mavjud imkoniyatlari yuzasidan to‘liq ma’lumot oldik.

Xususan, Sirdaryo viloyati salohiyati “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida mavjud biznes imkoniyatlar biz va hamkorlarimiz uchun qiziq bo‘ldi. Ushbu hududdagi xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, viloyatning qulay geografik joylashuvi hamda qo‘shni davlatlarga bevosita chiqish imkoniyati Xitoy kompaniyalarini o‘ziga jalb qiladi.

Sirdaryo viloyatini Xitoy tajribasiga asoslangan innovasion hudud sifatida belgilangani Xitoy kompaniyalarini ushbu hududga keng jalb etish uchun muhim omildir. O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish o‘zaro manfaatli bo‘lishiga ishonchim komil.

“Prouder” kompaniyasi asoschisi Chen Yanfen:

- Ushbu forumda biz va provinsiyadagi sanoat korxonalari mamlakatingizdagi biznes imkoniyatlar, hududlar hamda tarmoqlarning investitsiyaviy salohiyati bo‘yicha batafsil malumotlar oldik.

Bizning kompaniya forumdan so‘ng axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish panel sessiyasida ishtirok etib, ushbu sohaga taaluqli va ayrim loyihalar bo‘yicha ko‘pgina qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Xususan, “IT Tashkent” parki bo‘yicha hamkorlik va u yerda AKT yo‘nalishida loyiha amalga oshirish imkoniyatlarini yaqindan o‘rganamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish