Kuvaytlik turoperatorlar, blogerlar va influenserlarga O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari taqdim etildi
Yanvar 02, 2026. 11:28 • 46 soniya
• 100
AL-KUVAYT, 3-yanvar. /“Dunyo” AA/. Kuvayt poytaxtida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov, kuvaytlik bloger Abdulkarim Al-Xindal, Kuvayt sayyohlik agentliklari, shuningdek, “Jazeera” aviakompaniyasi vakillari, blogerlar va influenserlar ishtirok etishdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilar sayyohlar almashinuvini oshirish istiqbollari, turizm sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va 2026-yilga mo‘ljallangan rejalarini muhokama qildilar.
Kuvaytlik ishtirokchilarga O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari, sayyohlarga taklif etilayotgan xizmatlar hamda mamlakatimizning tarixiy shaharlari va dam olish maskanlariga sayohat qilish uchun maxsus turistik paketlar haqida maʼlumot berildi. Ishtirokchilar orasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan axborot materiallari tarqatildi.
O‘z navbatida, “Jazeera Airways” aviakompaniyasi vakili Kuvaytdan Toshkent va Namanganga amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar, kelajakdagi rejalar, shuningdek, kompaniyaning O‘zbekiston turizm yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha qarashlari haqida so‘zlab berdi.
Tadbir yakunida turistik kompaniyalar va soha vakillarining Kuvaytdan O‘zbekistonga sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha takliflari tinglandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi