Logo

“Die Welt”: Kimki O‘zbekistonga bir bor kelsa, yana qayta-qayta kelishga talpinadi

Yanvar 01, 2026. 13:32 • 3 daq

126
“Die Welt”: Kimki O‘zbekistonga bir bor kelsa, yana qayta-qayta kelishga talpinadi

BERLIN, 2-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyadagi nufuzli “Die Welt” gazetasida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Kimki Samarqandni ko‘rmagan bo‘lsa, u hargiz dunyo go‘zalligidan bebahra qolibdi”, degan jumlalar bilan boshlanadi maqola. Nemis nashrida O‘zbekiston tarixiy, naqshinkor, moviy gumbazli binolarga boy mamlakat sifatida tasvirlanadi.

Materialda qayd etilishicha, ming yillar davomida Markaziy Osiyo orqali o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar shunchaki savdo markazlari emas, balki dunyo sivilizatsiyalari tutashgan, shoirlar, olimlar va savdogarlar muloqot qilgan dunyo chorrahalari sifatida eʼtirof etiladi.

“Samarqand bugun go‘yoki dunyo sahnasini o‘z bag‘riga chorlayotgandek. Feruza rangli gumbazlar osmon bilan bo‘ylashgan, naqshinkor bezaklar esa ilm va go‘zallikdan so‘zlaydi go‘yo. Buxoro sokin va maftunkor tor ko‘chalari bilan, Xiva esa cho‘lu-biyobon bag‘ridagi gavhar misol, ayniqsa, quyosh ufqqa bosh qo‘ygani kabi ertaknamo manzarasi bilan sayyohlarni o‘ziga rom etadi”, – deya taʼriflanadi maqolada.

Materialda O‘zbekistonning tabiiy landshafti – cho‘llar, unumdor vohalar va qorli tog‘ cho‘qqilarining o‘ziga xos uyg‘unligi alohida taʼkidlangan. Nemis o‘quvchilariga o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, o‘tovlarda non yopish jarayoni va choy uzatish madaniyati samimiyat ramzi sifatida tanishtiriladi.

O‘zbek milliy taomlariga yuksak baho berilgan. Xushbo‘y palov, tandirdan uzilgan issiq non, tilni yoruvchi shirin qovunlar va quritilgan mevalar taʼmi uzoq vaqt kishi xotirasida qolishi taʼkidlangan.

Manbada yurtimizning barcha hududlardagi sayyohlik imkoniyatlari, xususan, Nukusdagi dunyoga mashhur I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat sanʼat muzeyi va undagi noyob kolleksiyalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

“Die Welt” gazetasi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rni mustahkamlanib borayotganiga alohida urg‘u beradi. BMT Turizm tashkiloti (UNWTO) maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilda xalqaro turizmda eng yuqori o‘sish surʼatlariga ega bo‘lgan dunyoning TOP-7 davlati qatoridan joy olgan. Bugungi kunga kelib, 2019-yilga nisbatan xorijiy turistlar soni 73 foizga oshgani, turizm sohasi rivojlanib borayotgan mamlakatlar orasida Yevropa mintaqasida o‘sish surʼatlari bo‘yicha 2-o‘rinni egallagani taʼkidlanadi.

Maqolada keltirilgan statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki 11 oyida O‘zbekistonga 10,7 milliondan ortiq xorijiy mehmon tashrif buyurgan. O‘zbekiston 2023-yilda “Safety Perception Index” reytingida dunyoning 121 davlati orasida “Eng xavfsiz sayyohlik mamlakat” sifatida eʼtirof etilgani. Bu esa sayyohlarning xotirjam sayohat qilishi uchun muhim omil ekanligi taʼkidlangan.

Germaniya fuqarolari uchun yaratilgan qulayliklar ham maqolaning muhim qismidir. Nemis sayyohlari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishlari mumkinligi va Frankfurt-Mayn hamda Myunxen shaharlaridan “O‘zbekiston havo yo‘llari” orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yilgani maʼlum qilingan.

Maqola yakunida O‘zbekiston barcha yo‘nalishdagi sayyohlar – madaniyat ixlosmandlari, ekoturizm shinavandalari va gastronomik sayohat ishqibozlari uchun bugungi zamonaviy turizmning barcha yo‘nalishlar rivojlangan ideal maskan ekanligi taʼkidlanadi.

“Kimki O‘zbekistonga bir bor kelsa, yana qayta-qayta kelishga talpinadi” degan iliq fikrlar bilan xulosa qilingan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish