O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari Londonda namoyish etildi
Aprel 20, 2026. 14:30 • 2 daq
• 127LONDON, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur taqdimot tadbiri Britaniyaning yetakchi sayyohlik kompaniyalaridan biri – “Wild Frontiers Adventure Travel” va “Uzbekistan Airways” hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari va O‘zbekistonga qiziqish bildirayotgan mehmonlar qatnashdi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi, mashhur meʼmoriy obidalari, milliy anʼanalari va zamonaviy turizm infratuzilmasi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, yangilangan Imom Buxoriy majmuasi, Samarqand va Xivaning sayyohlik imkoniyatlari haqida alohida so‘z yuritildi. Gastronomik, madaniy va ziyorat turizmi yo‘nalishlari ham keng yoritildi.
Tadbirda joriy yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida xorijiy sayyohlar uchun “Tax free” tizimi (bu xorijlik sayyohlar tovar sotib olganda, o‘sha mamlakatda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni qaytarib olish imkonini beruvchi tizim) ishga tushirilgani maʼlum qilindi. Bu sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
“Wild Frontiers Adventure Travel” kompaniyasi O‘zbekiston bo‘ylab turli sayyohlik paketlari, jumladan, yangi va noodatiy yo‘nalishlarni taqdim etdi. Mehmonlarga transport, mehmonxona infratuzilmasi va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ham maʼlumot berildi.
“Uzbekistan Airways”ning Buyuk Britaniyadagi brend elchisi Sofi Ibbotson O‘zbekistonni xavfsiz, mehmondo‘st va boy madaniy merosga ega mamlakat sifatida taʼrifladi. U o‘z tajribasiga tayanib, mamlakatning sayyohlik salohiyati juda yuqori ekanini eʼtirof etdi.
Britaniyalik ishbilarmon Charlz Tilli tadbir yuqori saviyada tashkil etilganini aytib, O‘zbekiston haqida ko‘p yangi maʼlumotlarga ega bo‘lganini bildirdi va kelajakda bu mamlakatga borish niyati borligini aytdi.
Ushbu tadbir O‘zbekistonni xalqaro turizm bozorida yanada targ‘ib qilish, Buyuk Britaniyadan sayyohlar oqimini oshirish va sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

