Turkiyalik yoshlar O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga tashrif buyuradi
Aprel 15, 2026. 15:20 • 2 daq
• 211
ANQARA, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Balıkesir Gerçek” gazetasi xabar berishicha, turkiyalik yosh faollar uchun mukofot sifatida O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga ziyorat sayohati tashkil etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashabbus Turkiyaning Balikesir viloyati Yoshlar va sport boshqarmasi tomonidan “Kutadg‘u bilig yo‘lida” o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar uchun yo‘lga qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, 11 nafardan iborat balikesirlik yoshlar guruhi 2026-yil may oyida Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlariga tashrif buyuradi. Safar davomida ular ushbu shaharlarning tarixiy va diqqatga sazovor joylari bilan tanishish bilan birga, O‘zbekistondagi tengdoshlari bilan qo‘shma loyihalar, almashinuv dasturlari va hamkorlik masalalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Turkiya Yoshlar va sport vazirligi ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur tashrif balikesirlik yoshlarning qardosh O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash, tajriba almashish va xalqaro faolligini oshirishga qaratilgan.
“O‘zbekiston dasturi Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yoshlar hamkorligini mustahkamlash uchun katta imkoniyat yaratadi. Ushbu tashrif orqali ikki mamlakat yoshlar sohasi vakillari o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan”, deb yozadi nashr.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi