Hindistonning Haydarobod shahrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi
Aprel 16, 2026. 12:44 • 2 daq
• 213HAYDAROBOD, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi Hindistonning Telangana shtati maʼmuriy markazi - Haydarobod shahrida mamlakatimizning turizm imkoniyatlari taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir «Uzbekistan Airways» AJ va Hindistonning «Blink Brand Solutions» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Taqdimotda Telangana shtatining sayyohlik guruhlariga xizmat ko‘rsatish, MICE-turizm, oilaviy dam olish va boshqa yo‘nalishlarga ixtisoslashgan 60 dan ortiq turoperatori hamda kompaniyasi vakillari qatnashdi.
Taqdimot ishtirokchilari eʼtiboriga O‘zbekistonning tobora yuksalib borayotgan turizm salohiyati, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari tarmog‘i, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar haqida batafsil maʼlumot havola etildi.
Turizm sohasidagi o‘zaro hamkorlik surʼatiga alohida urg‘u berildi. Xususan, so‘nggi 5–6 yil ichida Hindistondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi bir necha barobar oshgani, ushbu yo‘nalishni yana-da rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar soni muntazam ravishda oshirib borilayotgani maʼlum qilindi.
Hozirgi vaqtda “Uzbekistan Airways” Toshkentdan Dehli, Mumbay va Goa shaharlariga muntazam reyslarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, “Centrum Air” aviakompaniyasi Dehli - Toshkent yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ydi, “Uzbekistan Airways” AJ esa Namangan - Dehli yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlarni boshladi.
Hindiston kompaniyalari vakillari hamkorlikni yana-da kengaytirishga qiziqish bildirdi. O‘zbekistonda faol rivojlanayotgan turizm infratuzilmasi - mehmonxonalar, transport, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va dam olish maskanlari sayyohlar oqimini oshirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
Savol-javob sessiyasi doirasida hindistonlik sheriklar viza masalalari, shuningdek, mamlakatimizning asosiy turistik markazlari - Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarni bog‘lovchi tezyurar poyezdlar hamda aviaqatnovlar haqida tushuntirishlar oldi.
Hindistonlik sayyohlar oqimi ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan hind milliy taomlariga ixtisoslashgan kafe va restoranlar uchun oshpazlar tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqilayotgani qayd etildi.
Forum doirasida turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va jozibador sayyohlik yo‘nalishlarini yaratishga bag‘ishlangan B2B uchrashuvlar o‘tkazildi. Mehmonlarga, shuningdek, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati haqidagi videoroliklar namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


