Yangi yilda O‘zbekiston–Xitoy hamkorligi ko‘lami yanada kengayadi
Dekabr 30, 2025. 17:33 • 2 daq
• 57
PEKIN, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. “Jiangsu Tonke Real Estate Co., Ltd” kompaniyasi prezidenti Yan Bo o‘zbek xalqini kirib kelayotgan yangi yil bayrami bilan qutladi:
– 2025-yil yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, kompaniyamiz O‘zbekistondagi hamkorlar bilan birgalikda Xitoyda qator yirik tadbirlar o‘tkazilganini taʼkidlashni istardim. Bu tadbirlar tufayli biz O‘zbekistonga ko‘plab xitoylik investorlarni jalb qildik.
Biz O‘zbekiston tomoni bilan savdo va investitsiya loyihalari doirasida yaqindan hamkorlik qilamiz. O‘zbekistondagi savdo-investitsiya muhiti va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Xitoy Xalq Respublikasiga faol tarqatmoqdamiz.
Men O‘zbekistonga tez-tez kelib turaman va mamlakat hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarni kuzatib boraman. Davlat Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ko‘plab sohalarda tarixiy yutuqlarga erishmoqda. Hududlarda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari tashkil etilib, ishlab chiqarishga zamonaviy va yashil texnologiyalar joriy etilmoqda. Bu jarayonlarda Xitoy kompaniyalari faol ishtirok etayotgani quvonarli.
Kompaniyamiz investitsiya loyihalarini amalga oshirishda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar bilan bir qatorda, ikki xalq o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishga ham eʼtibor qaratmoqdamiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida vizasiz tartib joriy etilishi bilan Xitoydan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi ko‘payganini kuzatmoqdamiz.
2026-yilda xitoylik tadbirkorlarni yurtingizga yanada ko‘proq jalb qilishga harakat qilamiz. Yangi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lami yanada kengayishiga ishonaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi