Ta’lim va ma’rifat maskanlarining qurilishi bilan tanishildi
Dekabr 30, 2025. 18:49 • 3 daq
• 45TOSHKENT, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash bilan uzviy bog‘liq.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.
Universitetning Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati 200 million dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.
Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari “Özgüven” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Majmua tarkibida 10 ming talabaga mo‘ljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming o‘rindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, ko‘rgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming o‘rinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga mo‘ljallangan 2 ming o‘rinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.
Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari loyihaning asosiy parametrlari, ta’lim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda bunday zamonaviy ta’lim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.
– Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, qariyb 4 gektar maydonda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Inshoot milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy arxitektura yechimlarini uyg‘unlashtirgan holda loyihalashtirilgan.
To‘rt qavatli binolarning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Kutubxona fondlarini saqlash, hisobga olish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilish uchun maxsus yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.
Majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, xalqaro va milliy yirik kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkoni yaratiladi. Ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘qish va tadqiqot muhiti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.
Prezidentimiz ushbu kutubxona Yangi Toshkentda barpo etilayotgan ta’lim va ma’rifat maskanlarining tizimida muhim o‘rin tutib, yosh avlodning intellektual rivoji uchun mustahkam zamin bo‘lishini ta’kidladi. Ilm-fan va ma’naviyatga sarmoya kiritgan davlatning iqtisodiy salohiyati ham barqaror va yuqori bo‘lishi qayd etildi.
Zamonaviy kutubxona imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish uchun xodimlar axborot texnologiyalari va xalqaro standartlarni chuqur o‘zlashtirishi zarurligiga e’tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


