Logo

Yo‘l-transport obyektlarining qurilishi haqida axborot berildi

Dekabr 30, 2025. 18:43 • 2 daq

52
Yo‘l-transport obyektlarining qurilishi haqida axborot berildi
Yo‘l-transport obyektlarining qurilishi haqida axborot berildi
Yo‘l-transport obyektlarining qurilishi haqida axborot berildi

TOSHKENT, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt va Yangi Toshkent o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi ko‘prik Toshkent va Yangi Toshkentni bog‘laydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan bo‘lib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohil hududlari ko‘kalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatiladi, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Shuningdek, ko‘prik orqali ikki tasmali tramvay yo‘li yotqizilishi rejalashtirilgan.

Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bog‘laydigan bo‘lajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni o‘z ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan to‘liq integratsiya qilinadi, bu esa yo‘lovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.

Davlatimiz rahbari bo‘lajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.

Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini ta’kidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish