Logo

Xitoydan munosabat: O'zbekiston ochiqlik yo'lini faol davom ettirmoqda va ishbilarmonlik muhitini yaxshilamoqda

Iyul 25, 2025. 11:58 • 3 daq

75
Xitoydan munosabat: O'zbekiston ochiqlik yo'lini faol davom ettirmoqda va ishbilarmonlik muhitini yaxshilamoqda

PEKIN, 25-iyul. /"Dunyo" AA/. Xitoyning "SINOMA Energy Conservation" kompaniyasi boshqaruvi raisi Men Sinlin O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi arafasida "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekistondagi muvaffaqiyatli tajribasi, erishilgan yutuqlar va hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlarini o'rtoqlashdi:

– Biz O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida erishilgan ulkan yutuqlarni yuksak qadrlaymiz. U O'zbekistonni Markaziy Osiyoda "yashil" energetikaga o'tishning etaloniga aylantirish va 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazishni o'z oldiga ulkan maqsad qilib qo'ydi. 2025-yilni "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" deb e'lon qilish to'g'risidagi farmon barqaror rivojlanishga istiqbolli yondashuvni aks ettiradi. Bu tashabbuslar nafaqat mamlakatingiz uchun rivojlanish vektorini belgilab beradi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasini ruhlantiradi.

O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishildi. 2025-yilda O'zbekiston barqaror rivojlanish global indeksida 19 pog'ona yuqorilab, 62-o'rinni egalladi, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 45 foiziga erishildi yoki muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu yutuqlar BMT ekspertlari tomonidan yuqori baholandi va mamlakat mintaqada "yashil" o'tish namunasiga aylandi.

O'zbekiston ochiqlik yo'lini faol davom ettirmoqda, ishbilarmonlik muhitini yaxshilamoqda, bu Jahon bankining ijobiy bahosi bilan tasdiqlangan va xalqaro investorlarning ishonchini oshirmoqda. "Yashil" rivojlanish sanoatlashtirish markazida ekanligi alohida ahamiyatga ega – "yashil" energetikani faol rivojlantirish va sanoatni dekarbonizatsiya qilish bizning ilg'or texnologiyalarga asoslangan barqaror kelajak haqidagi qarashlarimizga to'liq mos keladi va hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ekologik yo'naltirilgan rivojlanish sohasidagi g'oyalarini, mamlakatning barqaror iqtisodiyotga o'tishdagi qat'iyatini qo'llab-quvvatlagan "CNBM Energy Conservation" "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" tashabbusiga faol javob berib, Navoiy viloyatida energiya saqlash tizimiga ega quyosh energiyasi loyihasini qurishga sarmoya kiritdi.

Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat toza energiyadan foydalanishni kengaytirish borasidagi sa'y-harakatlarimizni namoyish etadi, balki "O'zbekiston – Markaziy Osiyoda energetikaga o'tishning etalon" konsepsiyasini hayotga tatbiq etish va qayta tiklanadigan energiya ulushi bo'yicha 2030 yilga mo'ljallangan maqsadni amalga oshirishga qo'shilayotgan aniq hissadir.

Loyiha ishga tushirilgach, har yili 740 million kVt/soat "yashil" elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 300 ming tonna standart yoqilg'i tejaladi va 700 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqindilari kamayadi. Bu O'zbekistonda kimyo sanoatining kam uglerodli transformatsiyasiga katta hissa qo'shadi va mintaqa uchun yorqin namunaga aylanadi.

Bundan tashqari, O'zbekistonda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh energiyasini ishlab chiqarish, qattiq maishiy chiqindilarni kompleks utilizatsiya qilish bo'yicha loyihalar ham faol ishlab chiqilmoqda. Bu tashabbuslarning barchasi O'zbekiston Prezidentining "yashil" rivojlanish strategiyasi va mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilishning dolzarb ehtiyojlariga to'la mos keladi.

Biz ilg'or va ishonchli texnologiyalarni baham ko'rishga, samimiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga hamda "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" davlat dasturida belgilangan maqsadlardan foydalangan holda, O'zbekistonning muqobil energetikaga o'tish davri manfaati yo'lida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyormiz.

Ishonchimiz komilki, yaqin va samimiy hamkorlik orqali mamlakatlarimiz O'zbekistonning barqaror rivojlanishi va ekologiyasini yaxshilashga kuchli turtki berib, o'zaro manfaatli natijalarga erisha oladi.

Biz muvaffaqiyatli, o'zaro manfaatli va barqaror hamkorlikning yangi boblarini yozish uchun o'zbekistonlik sheriklarimiz bilan aniq maqsadlar sari odimlashda davom etamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish