Logo

Seuldan munosabat: O'zbekiston bugun Markaziy Osiyoda yuksalayotgan iqtisodiy va geosiyosiy kuchga aylandi

Iyul 27, 2025. 12:42 • 3 daq

78
Seuldan munosabat: O'zbekiston bugun Markaziy Osiyoda yuksalayotgan iqtisodiy va geosiyosiy kuchga aylandi

SEUL, 30-iyul. /"Dunyo" AA/. Koreya onlayn eksport-import uyushmasi (KOEIA) raisi Cho Dong Xve O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi arafasida "Dunyo" AA uchun bergan intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z lavozimiga kelganidan buyon O'zbekistonning ochiqlik va pragmatik hamkorlikka yo'naltirilgan tashqi siyosatini yo'lga qo'ydi. Ushbu siyosatning asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida qo'shni davlatlar – Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalar mustahkamlandi. Xususan, chegara masalalarini hal etish, transchegara savdo aloqalarini rivojlantirish hamda suv va infratuzilma resurslarini birgalikda boshqarish bo'yicha katta sa'y-harakatlar amalga oshirildi.

Jahon miqyosida ham O'zbekiston faolligi tobora ortib bormoqda. Mamlakat Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda, ko'plab davlatlar fuqarolari uchun viza tartibini sezilarli darajada yengillashtirdi, bu esa turizm va xalqaro biznesni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kuchaymoqda.

Ichki siyosatda hukumat barcha sohalardagi islohotlarga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Jumladan investitsiya muhitini yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurashish, xususiy kapitalni jalb qilish shular jumlasidandir. Erkin iqtisodiy zonalar, industrial parklar va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarining yaratilishi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni to'qimachilik, foydali qazilmalarni qazib olish, axborot texnologiyalari va energetika kabi muhim sohalarga jalb qilishda muhim omil bo'lmoqda.

Ko'p yo'nalishli tashqi siyosat ham alohida ahamiyatga ega bo'lmoqda. O'zbekiston Xitoy, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya kabi dunyoning rivojlangan davlatlari bilan konstruktiv munosabatlar o'rnatmoqda. Shu bilan birga, milliy manfaatlar va suverenitetni qat'iy himoya qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi xalqaro faoliyat natijasida O'zbekiston bugun Markaziy Osiyoda yuksalayotgan iqtisodiy va geosiyosiy kuchga aylandi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Hukumatning islohotlar strategiyasi xalqaro investorlar va tashkilotlarning katta qiziqishini uyg'otmoqda.

Infratuzilmaga yo'naltirilgan yirik investitsiyalar, jumladan, Xitoyning "Bir makon – bir yo'l" tashabbusi, "Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" temir yo'lining qurilishi mintaqaviy bog'lanishni kuchaytirishga yordam bermoqda. Yevropa Ittifoqi kichik va o'rta biznesni, hamda "yashil" energetikani rivojlantirish loyihalarida faol ishtirok etmoqda. Rossiya va MDH davlatlari esa agrosanoat va sanoatni modernizatsiya qilish sohalarida muhim sheriklar bo'lib qolmoqda.

Janubiy Koreya va Ko'rfaz arab mamlakatlaridan kelayotgan investitsiyalar ta'lim, sog'liqni saqlash, raqamli texnologiyalar va turizm kabi sohalarni transformatsiya qilishga hissa qo'shmoqda. Qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi yirik loyihalar O'zbekistonning barqaror rivojlanishga intilishini namoyon etmoqda. Mamlakat 2030 yilgacha energiyaning kamida 25 foizini qayta tiklanuvchi manbalardan olishni o'z oldiga maqsad qilganni quvonarli.

O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro sheriklar, jumladan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, BMTning Taraqqiyot dasturi ham faol ko'mak bermoqda. Ular davlat boshqaruvini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiyotni raqamlashtirish dasturlarida ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, akademik aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. O'zbekistonda Vestminster, Inxa, Amiti, Vebster, Turin kabi universitetlarning filiallari faoliyat yuritmoqda. Bu inson kapitali rivojiga va global integratsiyaga uzoq muddatli qarashni ifoda etadi.

Bundan tashqari, O'zbekistonning mintaqaviy transport yo'laklaridagi ishtiroki, jumladan, Trans-Afg'oniston temir yo'li va CAREC dasturi doirasidagi loyihalar mamlakatning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lovchi logistika markazi sifatidagi strategik ahamiyatini oshirmoqda.

Fursatdan foydalanib, O'zbekistoniga, uning muhtaram Prezidentiga va mehnatsevar, yuksak salohiyatga ega xalqiga tinchlik, barqarorlik va yanada farovon taraqqiyot tilayman. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar izchil davom etishi, mamlakat dunyo hamjamiyatida o'z munosib o'rnini mustahkamlashiga ishonaman. O'zbekistonning ochiqlik, hamkorlik va barqaror o'sishga asoslangan strategiyasi albatta muvaffaqiyatli samaralar beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish