Logo

Firdavs Abduxoliqov: O'zbekiston madaniy merosi bu nafaqat bizning, balki butun insoniyatning merosidir

Noyabr 13, 2025. 19:27 • 3 daq

180
Firdavs Abduxoliqov: O'zbekiston madaniy merosi bu nafaqat bizning, balki butun insoniyatning merosidir

TOSHKENT, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov "Dunyo" AA muxbiriga bergan intervyusida poytaxtimizda o'tkazilayotgan "Markaziy Osiyo: umumiy ma'naviy-ma'rifiy meros – umumiy kelajak" mavzusidagi xalqaro kongress va yangi qurib bitkazilgan markaz haqida fikr bildirdi.

– Biz xalqaro kongressga tayyorgarlik asnosida buyuk ajdodlarimizning siymolarini sun'iy intellekt avatarlari orqali jonlantirdik. Tashrif buyuruvchilar bu jarayonni cheksiz hayrat va hayajon ila tomosha qildi. Chunki har bir mehmon, qayerdan kelgan bo'lishidan qat'iy nazar, avvalo o'z tilini qidiradi. O'z tilida so'zlovchi siymoni eshitganida esa qalban quvonadi. Bu nafaqat ajdodlarimiz siymosini jonlantirish, balki ularning tili va madaniyatiga bo'lgan chuqur hurmat ifodasidir.

Ushbu tashabbus Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita g'oyalari asosida amalga oshirildi. Markaz qurilish loyihasi tasdiqlangandan boshlab, foydalanishga topshirilgungacha Prezidentimiz bir necha marotaba tashrif buyurib, har safar yangi g'oyalar va topshiriqlar berib ketdi. Har bir tashabbus zamirida yangicha qarash va kelajak rejalari mujassam edi.

Bugun markazimizga tashrif buyurgan mehmonlarning hayrati, qiziqishi va katta taassurotlari orqali davlatimiz rahbarining fikrlari naqadar to'g'ri va teran bo'lganini his qilmoqdamiz. Buyuk ajdodlarimizni interaktiv tarzda gavdalantirish, o'sha davrni his etish va ular bilan go'yo jonli muloqot qilish imkoniyati – bu g'oya o'zining naqadar to'g'ri va ahamiyatli ekanini isbotlamoqda.

Bizning ekspozitsiyalarimiz – "Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar", "Birinchi Renessans davri", "Ikkinchi Renessans davri", "O'zbekiston XX asrda" va "Yangi O'zbekiston – Yangi Renessans" kabi bo'limlar tarixni jonli anglash hamda kelajakni his qilish imkonini beradi.

Tashrif buyuruvchilar "Bu g'oya kimga tegishli?", "Bu kabi ulkan markaz qanday yaratilgan?" kabi savollarni berishadi. Biz esa faxr bilan aytamiz: bu Prezidentimizning uzoqni ko'zlagan tafakkuri va bunyodkor qarashlari tufayli yuzaga keldi. Bugun markazimiz kutganimizdan ham ortiq shart-sharoit, texnologik imkoniyat va ilmiy-ma'rifiy boyliklarga ega. To'g'risini aytish kerak – mehmonlarning hayrati cheksiz!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda BMT minbarida turib, bugun ro'yobga chiqqan ana shu g'oya va tashabbuslarni ilk bor ilgari surgan edi. O'sha paytda ba'zilar ishonishdi, ba'zilar shubha bilan qarashdi. Ammo oradan sakkiz yil o'tib, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ana shu g'oyalar hayotiy haqiqatga aylandi. Buyuk ajdodlarimizning ilmiy-madaniy, ma'naviy-ma'rifiy merosini o'zida mujassam etgan ulug'vor maskan qad rostladi.

O'sha paytda butun dunyo bu tashabbusning asl mohiyatini angladi. Chunki sakkiz yil avvalgi dunyo bilan bugungi dunyo o'rtasida katta farq bor. Ba'zi hududlarda ziddiyatlar, kelishmovchiliklar davom etmoqda. Prezidentimiz o'shanda shunday degan edilar: "Barcha ziddiyatlarning ildizida jaholat yotadi. Biz esa jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishimiz kerak".

Bugun dunyo tan oldiki, bu markaz shunchaki muzey emas, bu ma'naviyat, ma'rifat va taraqqiyot timsoli bo'lgan tirik megaplatformadir. Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, markaz doimo rivojlanib, yangilanib boradi.

Masalan, bugungi xalqaro kongressda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlaridan ko'plab mehmonlar va ekspertlar ishtirok etdi. Ular bilan yangi qo'shma dasturlar va ilmiy loyihalar muhokama qilinmoqda. Bu hamkorliklar yangi kashfiyot va ilmiy izlanishlarga zamin yaratadi.

Bu kabi natijalar, albatta, markazimiz ekspozitsiyalarida o'z aksini topadi. Shuning uchun markazdagi ko'rgazmalar doimo o'zgarib, boyib, yangilanib boradi. Har safar tashrif buyurgan mehmonlar bu yerda yangi tafakkur, yangi ilhom, yangi ruhni kashf etadilar.

Prezidentimiz xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish uchun maxsus sharoitlar yaratish zarurligini ta'kidladi. Bugun Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjondan kelgan hamkasblarimiz uchun ham qulay muhit yaratishga harakat qildik.

Bu kongressning asosiy maqsadi – kuchni birlashtirish. Chunki O'zbekiston madaniy merosi bu nafaqat bizning, balki butun insoniyatning merosidir. Bugun buni butun dunyo tan olmoqda. Tashrif buyurgan madaniyat vazirlari va xalqaro ekspertlar ham bu go'zal fikrlarni alohida e'tirof etmoqdalar.

Islom sivilizatsiyalari markazi bu – O'zbekiston ma'naviy uyg'onish davrining yorqin ramzidir. U xalqimizning tarixi va buyuk ajdodlar merosiga sadoqatning yorqin ifodasidir. Bizning yakdil maqsadimiz – kuchni birlashtirib, yanada yuksak marralarga erishish.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish