Logo

Artur Polyakov: Markaziy Osiyo mintaqasidagi tub o'zgarishlar qattiq foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishga investitsiya kiritishga tayyor xalqaro kompaniyalarni o'ziga jalb etmoqda

Iyun 25, 2025. 19:52 • 3 daq

96
Artur Polyakov: Markaziy Osiyo mintaqasidagi tub o'zgarishlar qattiq foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishga investitsiya kiritishga tayyor xalqaro kompaniyalarni o'ziga jalb etmoqda

TOSHKENT, 26-iyun. /"Dunyo" AA/. "Advantix Ltd" kompaniyasi ijrochi direktori, "MINEX Forum" ijroiya qo'mitasi raisi (Buyuk Britaniya) "Dunyo" AA uchun intervyusida 24-25-iyun kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "MINEX Central Asia 2025" forumining ahamiyati haqidagi fikrini bayon qildi:

– Bugun biz mamlakatingizda o'tkazayotgan forum – bu birinchisi emas. Bunday format 2017-yilda ham qo'llanilgan bo'lib, o'shanda O'zbekistonda iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish uchun yangi yo'nalishlar belgilab olingan edi. Bugungi tadbir o'sha paytda hozirgi kon-metallurgiya sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov bilan birgalikda boshlagan ishimizning mantiqiy davomidir.


Bizningcha ushbu forum mintaqa mamlakatlari resurslarini bir maydonda birlashtira oladigan noyob platformaga aylandi. Unda har bir mamlakat o'z ustuvorliklari, dasturlari va keyingi rivojlanishga doir qarashlari haqida so'zlab berish, shuningdek, eng muhim jihat – transchegaraviy hamkorlikni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ldi. Hozirda biz ushbu yo'nalishdagi hamkorlik aloqalarining Markaziy Osiyo mintaqasidan tashqarida izchil rivojlanib borayotganiga guvoh bo'layapmiz. Shu bois, mazkur forumning asosiy vazifalaridan biri aynan mintaqaviy o'yinchilarning ham o'zaro hamkorligi uchun samarali kommunikatsion va axborot maydonini yaratishdir.


Bugun mintaqada o'z tajribasi, texnologiyalari va kapitalini rivojlantirishga sarmoya kiritayotgan investorlarning yangi to'lqini kuzatilmoqda. Bu mintaqada haqiqatan ham davlatlar miqyosida o'zgarishlar yuz berganligidan dalolat beradi. Ustuvorliklar, o'yin qoidalari o'zgargan, bu esa uzoq muddatli istiqbolda qattiq foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishga investitsiya kiritishga tayyor xalqaro kompaniyalarni o'ziga jalb etmoqda. Ayniqsa, so'nggi uch yil ichida mintaqaga qiziqishning izchil ortgani yaqqol namoyon bo'lmoqda.


Bu yaxshi belgi. Agar so'z kritik metallar – elektromobillar va energetik infratuzilma uchun zarur bo'lgan batareyalar ishlab chiqarishda qo'llaniladigan metallar haqida boradigan bo'lsa, hozirda ularga bo'lgan talab sezilarli darajada oshganini ko'rish mumkin. Transport energetikasi o'zgarmoqda. Endilikda an'anaviy yoqilg'idan elektr va vodorodga o'tilmoqda. Bu esa yangi energetik iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlovchi infratuzilmani yaratishga katta sarmoya kerak degani. Buning uchun tabiiyki yer ostida joylashgan, ammo sayyoramizning cheklangan joylaridagina to'plangan metallar zarur. Markaziy Osiyo esa ana shunday istiqbolli mintaqalardan biridir.


Biz sun'iy intellekt va elektromobillar rivojlanishi, shuningdek, tegishli infratuzilmaning kengayishi bilan metallarga, shu jumladan kritik metallarga bo'lgan talabning o'sishini kutmoqdamiz. Yuqorida ta'kidlaganimdek, O'zbekiston bu borada ulkan salohiyatga ega.


Masalan, O'zbekiston po'lat ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan marganesni qazib olish, ishlab chiqarish va qayta ishlashga yo'naltirilgan yangi konsorsiumda ishtirok etmoqda. Agar qiyoslaydigan bo'lsak, Yevropada faqat bitta marganes koni bor – Chexiyada, Pragadan uncha uzoq bo'lmagan joyda. Biroq yigirma yildan ortiq vaqt davomida hanuz uni ishga tushira olishmadi. O'zbekistonda esa bunday kon allaqachon faoliyat ko'rsatmoqda. Marganessiz maxsus po'latlarni ishlab chiqarish mumkin emas va savdo urushlari hamda metall mahsulotlariga bo'lgan talabning o'sishi sharoitida bu yo'nalish ulkan dolzarblik kasb etmoqda.


O'zaro tushunish va umumiy manfaatlarga asoslangan har qanday xalqaro hamkorlik doimo ijobiy natija beradi.


Bunday forumlar potensial sheriklar va umumiy ustuvorliklarga ega bo'lgan odamlarni birlashtirishga yordam beradi. Masalan, TMK kompaniyasidagi strategik sheriklarimiz aniq dasturlar va rivojlanishga doir qarashlarga ega. Forum tufayli biz bu yerga ular faoliyatining turli segmentlariga qiziqqan ko'plab xalqaro sheriklarni jalb qila oldik. Biz o'rnatilgan aloqalar va davom etayotgan muzokaralar tez orada real loyihalarga aylanadi deb umid qilamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish