Logo

Xezer Berns: AQSh ishbilarmon doiralari vakillarining O'zbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib bormoqda

Iyun 25, 2025. 10:49 • 3 daq

51
Xezer Berns: AQSh ishbilarmon doiralari vakillarining O'zbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib bormoqda

TASHKENT, 25-iyun. / "Dunyo" AA/. AQShning O'zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari o'rinbosari Xezer Berns "Dunyo" AA uchun intervyusida 24-25-iyun kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan "MINEX Central Asia 2025" forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston Amerika kompaniyalari e'tiborini tobora ko'proq o'ziga tortmoqda. Biz Amerika Qo'shma Shtatlari hukumati bilan birgalikda O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) kabi tashkilotlar o'rtasida hamkorlikni chuqurlashtirishga harakat qilayapmiz. Yaqinda TMK bilan birgalikda AQSH kompaniyalari uchun muhim minerallar bo'yicha vebinar o'tkazdik. Biz Yuta shtatidan tog'-kon korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning Olmaliqqa safarini tashkil etdik. AQSh vakillari mahalliy mis ishlab chiqarish bilan tanishdilar va bu ularda kuchli taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, biz O'zbekiston hukumati bilan ham hamkorlik qilamiz. So'nggi bir necha yil ichida munosabatlarimiz yana-da mustahkamlandi. Ayniqsa muhim minerallar sohasida. O'tgan yili sentyabr oyida biz mamlakatingiz hukumati bilan ushbu sohada o'zaro anglashuv memorandumini imzoladik. Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyaning har to'rt yilda bir marta AQSHda o'tkaziladigan eng yirik tog'-kon sanoati tadbiri — "MINExpo International" ko'rgazmasiga safarini uyushtirdik. Shu tariqa, munosabatlarimiz faol rivojlanishda davom etmoqda.

 Ta'kidlash joizki, O'zbekiston ulkan salohiyatga ega mamlakat. Bu yerda aksariyat eng boy foydali qazilma konlari joylashgan. Shu o'rinda O'zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ahamiyatini ham e'tirof etmaslikning iloji yo'q. Ular mamlakatni xalqaro investorlar uchun tobora jozibador qilyapti. Masalan, 2024 yilda "Yer osti boyliklari to'g'risida"gi O'zbekiston

Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatingiz hukumati bilan ushbu qonunni amalga oshirish uchun yangi litsenziyalash tartib-qoidalari va normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo'yicha hamkorlik qilayotganini mamnuniyat bilan kuzatyapmiz. Bu, shubhasiz, O'zbekistonga yangi investorlarni jalb qilishga hissa qo'shadi.

Ishonchim komilki, bu yo'nalishda xalqaro hamkorlik juda muhim. Shuningdek, muhim minerallarning ishonchli ta'minot zanjiri AQSH uchun alohida ustuvorlik kasb etadi. Va bilamizki, bu soha O'zbekiston Prezidenti hamda hukumati uchun ham strategik ahamiyatga ega. O'ylaymanki, bizda birgalikda ishlash uchun noyob imkoniyat bor. Konlardan tashqari, O'zbekiston yana bir muhim resursga ega — bu odamlar. Aholining qarishi va ishchi kuchining qisqarishi muammosiga duch kelayotgan ko'plab mamlakatlardan farqli o'laroq, O'zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik bozor va eng ko'p ishchi kuchiga ega. Aynan mana shu ikki omil mamlakatingizni ayniqsa jozibador qiladi.

Men bu yerga o'tgan yilning avgust oyida Jonatan Xenik rahbarligida elchi o'rinbosari sifatida kelganman. Biroq, bu mening O'zbekistonga birinchi tashrifim emas edi. Men bu yerga birinchi marta 2021-yil dekabr oyida AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo'yicha yordamchisi Donald Lu bilan ikki tomonlama strategik muloqot doirasida bo'lganman. Keyinroq Savdo vaziri o'rinbosari Marisa Lago bilan keldim. 2023-yil iyun oyida esa men AQSh kompaniyalari ishtirokida mamlakatingizga savdo missiyasini tashkil qildim. Bir so'z bilan aytganda, men bu bozorning rivojlanishini bir necha yildan buyon kuzatib kelyapman.

Boshidanoq O'zbekistondagi imkoniyatlar meni hayratda qoldirgan. Har bir safarimda sezilarli darajadagi taraqqiyotga guvoh bo'ldimi. So'nggi yillarda mamlakatingizda yangi AQSh kompaniyalarining soni izchil ko'payib borayotganiga guvoh bo'layapmiz.

AQSh ishbilarmon doiralari vakillarining qiziqishi O'zbekistonga tobora ortib borayotganini hisobga olsak, biz ularni qo'llab-quvvatlash uchun kuchaytirilgan rejimda ishlashimiz kerak. Bu esa juda ham mas'uliyatli vazifa.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish