Kaxa Imnadze: Termizning madaniy va tarixiy ahamiyati Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi muloqot uchun ijobiy imij yaratishga xizmat qilmoqda
May 20, 2025. 17:21 • 4 daq
• 124
ASHXOBOD, 20-may. /"Dunyo" AA/. BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze "Dunyo" AA muxbiri bilan suhbatda joriy yilning 19-21-may kunlari Termiz shahrida o'tayotgan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi.

– "Termiz muloqoti"ning dolzarbligi va bugungi kunda ushbu platformaga talab qanchalik yuqori?
– Termiz muloqoti muhim global ishtirokchilar o'rtasidagi qarama-qarshilik, mintaqaviy mojarolar, iqlim o'zgarishi oqibatlari, moliyaviy bozorlarning beqarorligi bilan ifodalangan global beqarorlik sharoitida Markaziy va Janubiy Osiyo kabi katta ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega mintaqalar o'rtasidagi o'zaro hamkorlik bo'yicha qo'shma yechimlarni ishlab chiqish platformasi bo'lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
– Bugungi kunda, ayniqsa, global inqirozlar sharoitida Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash qanchalik muhim?
– Global inqiroz va dunyoda o'zaro bog'liqlik kuchayib borayotganini hisobga olib, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy elementi deyish mumkin. Birgalikdagi sa’y-harakatlar umumiy strategik yechimlarni ishlab chiqishga yordam beradi. Shuningdek, mamlakatlarga infratuzilmani rivojlantirish, energetika va savdo aloqalari sohasida tajriba almashish imkonini hamda madaniy va siyosiy muloqotlar uchun platforma yaratadi. Shunday qilib, yaqin hamkorlik nafaqat iqtisodiy o'sishga, balki mamlakatlar o'rtasida ishonchni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
– Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik va o'zaro ishonch kabi ijobiy tendensiyalar Janubiy Osiyo bilan yanada yaqinroq aloqalarga xizmat qila oladimi?
– So'nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlik va o'zaro ishonchni oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining har yili o'tkaziladigan uchrashuvlari buning yorqin misoli bo'lib, unda keng ko'lamli masalalar muhokama qilinib, umumiy pozitsiyalar ishlab chiqiladi. Markaziy Osiyo davlatlarining yanada muvofiqlashtirilgan yondashuvi, shubhasiz, boshqa mintaqalar, jumladan, Janubiy Osiyo mintaqasi bilan munosabatlarni rivojlantirishda ijobiy omil bo'ladi.
– Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalarining kelajagini va bu jarayonda O'zbekistonning rolini qanday ko'rasiz?
– Mintaqalararo munosabatlarni kengaytirish istiqbollari, ayniqsa, butun siyosiy miqyosda qabul qilingan tashabbuslar, xususan, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkentda tashkil etilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o'zaro bog'liqligi bo'yicha konferensiya hamda BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini alohida qayd etish kerak.
Shu nuqtayi nazardan, BMTning Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi O'zbekiston tashabbuslarini har tomonlama qo'llab-quvvatlaydi. Mintaqaviy markaz 2021-yilgi konferensiyada faol ishtirok etdi va mintaqada ishonchni oshirishga hissa qo'shadigan Termiz muloqoti va boshqa tashabbuslarga o'z hissasini qo'shishga tayyor.
– Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning istiqbollari qanday va uni rivojlantirish uchun qanday qadamlar qo'yilishi kerak?
– Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy hududlarning jadal o'sishi va foydalanilmagan ulkan iqtisodiy resurslar mavjudligini hisobga olgan holda salmoqli salohiyatga ega. O'zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun quyidagi choralarni ko'rish kerak:
-tovar aylanmasini yaxshilash imkonini beruvchi transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish;
-tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish uchun savdo va bojxona tartiblarini uyg'unlashtirish;
-qo'shma infratuzilma va energetika loyihalariga investitsiyalarni faol jalb etish, shuningdek, raqamli iqtisodiyot sohasidagi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash;
-hududning investitsion jozibadorligini oshirish uchun maxsus iqtisodiy zonalar tashkil etish va soliq solish tartibini soddalashtirish.
– CASA-1000, TAPI va Transafg'on yo'lagi kabi loyihalar qanday siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi?
– SaSA-1000, TAPI va Transafg'on yo'lagi kabi loyihalar Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida siyosiy va iqtisodiy integratsiya uchun keng imkoniyatlar ochadi. Ular ortiqcha elektr energiyasini almashtirish va an’anaviy energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish orqali energiya xavfsizligini mustahkamlashga hissa qo'shadi. Transport infratuzilmasini takomillashtirish, bu tovarlarni yetkazib berish muddatini qisqartiradi hamda savdoni rag'batlantiradi va logistika xarajatlarini kamaytiradi. Shuningdek, infratuzilma loyihalarini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qiladi. Bu esa o'z navbatida, hududlarning iqtisodiy o'sishiga va jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
– Afg'onistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o'zaro bog'liqligini rivojlantirishdagi o'rni va imkoniyatlari qanday?
– Afg'oniston Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan o'ziga xos geosiyosiy mavqega ega va mavjud muammolarga qaramay, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishda tranzit va strategik yo'lak rolini o'ynashi mumkin. Mamlakatdagi vaziyat barqarorlashgan taqdirda uning infratuzilmasini yaxshilash va xavfsiz transport yo'nalishlarini yaratish Afg'onistonni jahon savdo va energiya tarmoqlariga integratsiya qilish imkonini beradi. Bu, shuningdek, mintaqalar o'rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlab, mamlakatni global hamkorlik tizimining muhim bo'g'iniga aylantiradi.
– Termizning boy tarixiy va madaniy merosi bugungi kunda mintaqaviy aloqalarning harakatlantiruvchi kuchiga aylana oladimi?
– Termiz Buyuk ipak yo'lidagi tarixiy markaz sifatida hududlararo integratsiyaning kuchli mexanizmi bo'lib xizmat qila oladigan boy merosga ega. Uning madaniy va tarixiy ahamiyati Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi muloqot uchun ijobiy imij yaratishga xizmat qilmoqda.
O'tgan yilning oxirida Hakim at-Termiziy maqbarasi, Fayoztepa majmuasi va Termiz arxeologiya muzeyiga tashrif buyurganimdan mamnun bo'lganimni, bu hududning tarixiy ahamiyatini shaxsan his qilganimni alohida ta’kidlamoqchiman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Stefan Krayevskiy: O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda