Elchi Takashi Xatori: O'zbek musiqa va raqslari meni har doim hayratga solgan, bugungi kun ham bundan mustasno emas
Iyun 28, 2024. 16:04 • 2 daq
• 282
ZOMIN, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. Yaponiya elchisi Takashi Xatori "Dunyo" AA uchun intervyusida 27-iyun kuni Zominda bo'lib o'tgan II Xalqaro maqom san'ati anjumanining ochilish marosimidan olgan taassurotlari haqida so'zlab berdi:

– O'zbek musiqa va raqslari meni har doim hayratga solgan, bugungi kun ham bundan mustasno emas. Qoyil qoldim. Anjumandan ko'zlangan maqsad o'zbek madaniyatini dunyoga tanitishdan iborat. Albatta, bu O'zbekistonni xalqaro maydonda mashhur qilishga yordam beradigan ajoyib tashabbusdir.
Menda bir taklif bor. Agar siz saytda ingliz tilida sharhli videolar yaratsangiz, ularni yanada kengroq auditoriya ko'rishi mumkin bo'lardi. Bu, ayniqsa, yaponlar orasida katta qiziqishga sabab bo'ladi, negaki o'zbek musiqasi va madaniyati biz uchun yangi mashg'ulotga aylanishi mumkin.
Hozirgi kunda Yaponiyada ko'pchilik O'zbekistonga sayohat qilishga qiziqish bildirmoqda. Mamlakatga tashrif buyurishga ulgurganlar esa juda mamnun. O'zbekiston xavfsiz davlat, odamlari juda mehribon. Buxoro va Samarqand kabi qadimiy shaharlar, palov, shish kabob kabi mazali taomlar ko'p. Bularning barchasi O'zbekistonni sayyohlar uchun jozibador qiladi. Albatta, bunda xorijliklarga O'zbekiston sayohat qilish uchun ajoyib maskan ekanligini yetkazish juda muhim. Yuqoridagilar bergan taklifimga hamohangdir.
Tadbirda nafaqat o'zbek, balki tojik san'atkorlari ham ishtirok etgani menda alohida taassurot qoldirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning barcha davlatlari bilan yaxshi munosabatlarga ega bo'lish uchun ulkan sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Va bu muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ko'ryapmiz. Yaponiya ham sizning tinchlikka asoslangan diplomatiyangizda sherik bo'lishi muhim deb o'ylayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi