Logo

Yaponiyada o'zbek tili bo'yicha yangi o'quv qo'llanma nashr etildi

Yanvar 05, 2024. 09:14 • 2 daq

871
Yaponiyada o'zbek tili bo'yicha yangi o'quv qo'llanma nashr etildi

TOKIO, 5-yanvar. /"Dunyo" AA/. Tokio xorijiy tillar universiteti kichik ilmiy xodimi Xidaka Shinsuke «New Express + Uzbek language» nomli o'quv qo'llanmasini ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Lotin alifbosida yozilgan ushbu qo'llanma 160 bet va 20 ta darslikdan iborat. Darslik boshlang'ich darajada o'zbek tilini o'rganayotganlarga mo'ljallangan bo'lib, u o'zbek tili grammatikasi haqida tushuncha beradi. Shu bilan birga, o'quvchilarga og'zaki so'zlash ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida kitobning ovozli shakllari ham tayyorlangan.

Muallifning aytishicha, mazkur o'quv qo'llanmasi orqali bemalol O'zbekistonda tarjimonsiz sayohat qilish yoki biznes tashriflarini amalga oshirish mumkin bo'ladi.

«New Express + Uzbek language» qo'llanmasi «Hakusuisha Publishing Co., Ltd.» nashrlik uyi tomonidan chop etildi. Kitob shu yil 29-yanvardan boshlab sotuvga chiqariladi.

Xidaka Shinsuke PHD ilmiy darajasiga ega. U 2007-yildan buyon o'zbek tilini o'rganib kelmoqda. 2014-2016-yillarda O'zbekiston Fanlar akademiyasida ilmiy izlanishlar olib borgan hamda O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti va "O'zbekiston-Yaponiya" markazida yapon tilidan dars bergan. Xidaka Shinsuke 2021-yil aprel oyida Tokio xorijiy tillar universiteti qoshidagi Open Academy dasturi negizida o'zbek tili kurslari ochdi.

Yaponiyalik yosh olim, shuningdek, «O'zbek tilidagi taxmin yoki mumkinlikni ifodalaydigan analitik ifodalar orasidagi farqlar», «O'zbek tilidagi «= chi» yuklamasining vazifalari» kabi 20 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi hamdir.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish