Logo

Jovanka Porshe: O'zbekiston Markaziy Osiyoning xalqaro investitsiya markaziga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega

Iyun 12, 2025. 18:59 • 2 daq

57
Jovanka Porshe: O'zbekiston Markaziy Osiyoning xalqaro investitsiya markaziga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega

TOSHKENT, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. "Global Neighbours" tashkiloti raisi va asoschisi  Yovanka Porshe "Dunyo" AA uchun intervyusida 9-12-iyun kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tayotgan to'rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Menimcha, O'zbekiston chinakam boy madaniy merosga ega bo'lib, bu meros chin dildan qoyil qoldiradi. Shu bilan birga, mamlakat biznes rivoji uchun ulkan salohiyatni namoyon qilmoqda. Bunday forumlarning o'tkazilishi juda muhim tashabbus bo'lib, alohida e'tiborga loyiqdir. Mazkur shakldagi tadbirlar odamlarni birlashtiradi, yangi aloqalarning paydo bo'lishiga xizmat qiladi va dunyoning ushbu mintaqasida qanday ijobiy o'zgarishlar ro'y berayotganini bevosita ko'rish imkonini beradi. Bu haqiqatan ham ilhomlantiruvchi va men bu yerda ekanligimdan mamnunman.


Mening fikrimcha, O'zbekiston Markaziy Osiyoning xalqaro investitsiya markaziga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Bu rol nafaqat mumkin, balki ayni vaqtda juda ham dolzarb hisoblanadi. Garchi mintaqaviy integratsiya asta-sekinlik bilan yuz bersa-da, u bu jarayonda muhim rol o'ynashi mumkin. Bu nafaqat O'zbekistonga, balki butun mintaqaga tegishli. Ammo aynan O'zbekiston investitsiyalar va barqaror rivojlanish markaziga aylanishi uchun zarur salohiyat va geoiqtisodiy ustunliklarga ega.


Investitsiya muhiti borasida shuni aytmoqchimanki, bu mening O'zbekistonga birinchi tashrifim va men faqat ijobiy taassurotlar oldim. Bu yerda paydo bo'ladigan ruhiyat menga o'tmishda Xitoyda ishlaganimdagi davrni eslatdi — o'sha yillarda o'ziga xos kayfiyat, o'zgarishlar ruhi va "hammasi mumkin" degan ishonch hukm surardi. Hozir O'zbekistonda ham xuddi shunday energiyani his qilyapman. Bu yerda yangi imkoniyatlarga ochiqlik, taraqqiyotga intilish va hamkorlikka tayyorlik aniq sezilyapti. Bu holat ilhom bag'ishlaydi va mamlakatning xalqaro investitsiyalar uchun jozibador yo'nalish sifatida kelajagiga ishonch uyg'otadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish