Logo

Xitoyning yirik elektron tijorat platformasida O'zbekiston milliy pavilyoni ochildi

Noyabr 14, 2025. 08:09 • 55 soniya

147
Xitoyning yirik elektron tijorat platformasida O'zbekiston milliy pavilyoni ochildi

PEKIN, 14-noyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning yirik elektron tijorat platformalaridan biri "JD.com"da O'zbekiston milliy pavilyoni rasman ishga tushirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur loyiha yuqori qo'shilgan qiymatga ega o'zbek tovarlarini Xitoy bozoriga tizimli ravishda ilgari surish, milliy brendlarning onlayn kanallardagi ishtirokini kengaytirish va tadbirkorlarning transchegaraviy raqamli savdoga integratsiyalashuvini tezlashtirishga qaratilgan.

Pavilyonning yaratilishi O'zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilariga Xitoy bozoriga chiqish uchun yagona darcha vazifasini o'taydi. Unda to'qimachilik va tayyor kiyim-kechak, charm-attorlik buyumlari va poyabzal, chuqur qayta ishlangan mahsulotlar - quritilgan mevalar, yong'oqlar, asal, tabiiy ichimliklar, ziravorlar, shuningdek, Xitoy bozori talablariga muvofiq sertifikatlangan tabiiy xomashyodan tayyorlangan kosmetika, uy-ro'zg'or buyumlari va hunarmandchilik mahsulotlarining keng turlarini namoyish etish rejalashtirilgan.

Xitoylik hamkorlarning ta'kidlashicha, milliy pavilyonning ishga tushirilishi O'zbekiston kompaniyalariga yuqori qo'shilgan qiymatli tovarlar eksportini ko'paytirish va Xitoyda milliy brendlarning mavqeini mustahkamlashda eng yirik onlayn bozorga to'g'ridan-to'g'ri kirish imkonini beradi.

Ta'kidlash lozim, "JD.com" platformasi Xitoyning eng yirik elektron tijorat ekotizimlaridan biri bo'lib, o'zining "JD Logistics" logistika tarmog'iga, shuningdek, rivojlangan sifat nazorati va sotuvdan keyingi xizmat ko'rsatish tizimiga ega.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish