Logo

O‘zbek kompaniyalari yirik xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi

Noyabr 30, 2025. 11:00 • 2 daq

159
O‘zbek kompaniyalari yirik xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdi

DUBAY, 30-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning “Infinity Copper Group” hamda “Sharq Tubes” kompaniyalari Dubay shahrida o‘tkazilgan “Big 5 Global” xalqaro elektrotexnika va qurilish materiallari sohasi ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Big 5 Global” ko‘rgazmasi 1979-yilda Dubayda tashkil etilgan bo‘lib, qurilish sohasida dunyoda eng yirik ko‘rgazmalardan biri hisoblanadi. Bu galgi tadbirda 250 mingdan ortiq tashrif buyuruvchi, 500 ta spiker, 5 mingta eksportyor o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida mis quvurlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Infinity Copper Group” hamda sanoat uchun payvandlash moslamalari ishlab chiqaruvchi “Sharq Tubes” kompaniyalari BAA, Kuvayt, Qatar, Hindiston kabi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan eksport-import shartnomalari imzolash bo‘yicha fikr almashdi. O‘zbekiston tadbirkorlari uchun xalqaro bozorlarda imkoniyatlarni kengaytirish, Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyo bozoridan xaridorlar topish bo‘yicha tegishli takliflar berildi

O‘zbek kompaniyalari vakillari BAAga eksportini oshirish maqsadida “Gulf O Flex” distributsiya kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va milliy mahsulotlarni eksport qilishga kelishib oldi.

Shu bilan birga, “Sharq Tubes” kompaniyasi BAAda plastik suv idishlaridan sintepon ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi va xomashyo sotib olish bo‘yicha ehtiyoji borligini bildirdi. Elchixona tomonidan o‘zbek korxonasiga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida BAAning “Tadweer” va “Beeah Group” kabi yirik kompaniyalar bilan uchrashuv tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish