Logo

AQSh elchixonasi kimlarga viza berilishi rad etilishi mumkinligi va semizlik rad etish uchun rasmiy asos bo'ladimi yoki yo'qligiga aniqlik kiritdi

Noyabr 18, 2025. 14:41 • 3 daq

601
AQSh elchixonasi kimlarga viza berilishi rad etilishi mumkinligi va semizlik rad etish uchun rasmiy asos bo'ladimi yoki yo'qligiga aniqlik kiritdi

TOSHKENT, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'tayotgan hafta ko'pgina ommaviy axborot vositalarida AQSh viza siyosatidagi mumkin bo'lgan o'zgarishlar muhokamalar mavzusiga aylandi, deb habar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ba'zi nashrlarga ko'ra, semizlik va surunkali kasallikka chalingan shaxslarga go'yoki AQSh vizasini berish rad etilishiga sabab bo'lishi mumkin. "Dunyo" AA muxbiri ushbu xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida AQShning O'zbekistondagi elchixonasi rasmiy pozitsiyasini o'rgandi.

Joriy yil 6 -oyabr kuni "KFF Health News" nashri AQSh Davlat departamentining konsullik muassasalariga yuborilgan ichki xizmat hujjati haqidagi materialni e'lon qilgan. Hujjatda surunkali kasalliklarning keng doirasini, jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, saraton va semirishni hisobga olish tavsiya etilgan.

AQSh hukumati fikriga ko'ra, Amerika immigratsiya qonunchiligidagi jamoat to'lovi atamasi davlat yordamiga, nafaqa yoki tibbiy yordamga qaram bo'lish ehtimoli yuqori bo'lgan shaxsni anglatadi.

"The Washington Post" o'z maqolasida ushbu hujjatga e'tibor qaratib, elchixona xodimlariga mezonlarni kengroq talqin qilish bo'yicha yangi ko'rsatmalar berilganini bayon etdi. Nashr ekspertlarning sharhlarini keltirdi va bu qonunchilikdagi o'zgarish emas, balki ichki ko'rsatma ekanligini ta'kidladi.

Ba'zi ommaviy axborot vositalari, jumladan, O'zbekistonda faoliyat yurituvchi "Qalampir.uz" nashri ham jahon OAVda berilgan materallarni "Semiz fuqarolarga AQShga kirishga ruxsat berilmaydi", deya talqin qilgan.

AQShning O'zbekistondagi elchixonasi rasmiy pozitsiyasi

AQShning Toshkentdagi elchixonasi "Dunyo" AA so'roviga javoban ayrim OAVlari tarqatayotgan ma'lumotlar haqiqatga to'g'ri kelmasligini ta'kidladi. "B" toifadagi kasalliklar ro'yxati o'zgarmagan va viza berish to'g'risidagi qaror talabgorning arizasidagi barcha jihatlarni hisobga olgan holda qabul qilinadi.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining (CDC) rasmiy ko'rsatmalari va Tashqi ishlar bo'yicha qo'llanmaning (FAM) qoidalariga ko'ra, semizlik avtomatik ravishda vizani rad etish yoki shaxsni mamlakatga kirishga yaroqsiz, deb topish uchun asos bo'ladigan kasalliklar ro'yxatiga kiritilmagan.

"B" toifa nima?

"B" toifali holat bu – tibbiy me'yordan chetga chiqish bo'lib, u da'vogarning o'zini parvarish qilishga, ta'lim muassasalariga borishga yoki ishlashga to'sqinlik qilishi, kelajakda keng ko'lamli davolanish yoki kasalxonaga yotqizishni talab qilishi mumkin. Biroq semizlik avtomatik rad etish asoslari ro'yxatiga kiritilmagan.

Vizani rasmiylashtirishda tibbiy ko'riklar, birinchi navbatda, jamiyat uchun xavf tug'diradigan yuqumli kasalliklarni aniqlashga, shuningdek, atrofdagilar uchun bevosita xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan ruhiy va jismoniy holatlarni baholashga qaratilgan.

Elchixona sharhi

Elchixona vakillarining ta'kidlashicha, amaldagi qoidaga ko'ra, amerikalik soliq to'lovchilarning yashash va davolanish xarajatlarini o'zlari qoplay olishiga ishonch hosil qilish uchun immigratsiya vizasi talabgorlarni sinchkovlik bilan tekshirish orqali ularning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Qisqacha aytganda, semizlik viza berishni rad etish uchun avtomatik asos bo'la olmaydi va har bir holat alohida ko'rib chiqiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish