Logo

Eronning Yaqin Sharqdagi mojaroni tugatish shartlari aytildi

Mart 15, 2026. 12:30 • 2 daq

123
Eronning Yaqin Sharqdagi mojaroni tugatish shartlari aytildi

TOSHKENT, 15-mart. /“Dunyo” AA/. Eron Yaqin Sharqdagi mojaroni tugatish sharti sifatida AQSHdan tovon puli olish va Amerika qo‘shinlarini Ko‘rfaz mamlakatlaridan olib chiqib ketishni talab qilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “DW” teleradiokompaniyasiga tayanib.

“Urushning tugashi ham bizning qo‘limizda. Biz, birinchidan, AQSH harakatlari natijasida ko‘rilgan barcha yo‘qotishlarni qoplaganimizda, ikkinchidan, kelajakka 100 foiz kafolat berganimizda uning yakunlanishiga umid qilamiz, bu ham Amerika qo‘shinlarini Fors ko‘rfazidan olib chiqmasdan ilojsiz”, – dedi qabul qilinayotgan qarorlarning siyosiy maqsadga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha kengash aʼzosi (Eronning oliy maslahat organi) general-mayor Muhsin Rizoiy.

Bu haqda u Eron mudofaa kengashi kotibi, admiral Ali Shamxoniy bilan vidolashuv marosimi doirasida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning Fors ko‘rfazidagi ishtiroki so‘nggi 50 yil ichida mintaqadagi beqarorlikning asosiy sababidir.

Eron prezidenti Masʼud Pezeshkian avvalroq, AQSH va Isroil Eronning qonuniy huquqlarini tan olsa, tovon to‘lasa va kelajakda hujum qilmaslikka kafolat bersa, hammasi tugashi mumkinligini aytgan edi.

Livanning “Al Mayadeen” telekanali maʼlumotlariga ko‘ra, Tehron, Eronning atom energetikasi obyektlarida to‘liq yadroviy yoqilg‘i siklini amalga oshirish huquqini tan olishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, Amerika qo‘shinlarini Ko‘rfaz mamlakatlaridan olib chiqish talabi ilgari ochiq eʼlon qilinmagan.

AQSH prezidenti Donald Tramp “NBC News” telekanaliga bergan intervyusida Eron urushni to‘xtatish uchun kelishuv tuzishni istayotganini, biroq “shart-sharoitlar yetarlicha yaxshi emasligi sababli” hozircha buni istamayotganini aytdi. Shuningdek, u Eronning yangi oliy rahbari “umuman tirik” ekaniga shubha bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 28 fevraldan buyon AQSH va Isroilning Eronga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 1444 kishi halok bo‘lgan, 18 ming 551 kishi yaralangan. Isroilda Eron hujumlari oqibatida kamida 15 nafar isroillik halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi yaralandi.

AQSH harbiylari butun mintaqa bo‘ylab Eron hujumlari oqibatida 11 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Shu bilan birga, Iroq g‘arbida Amerikaning yoqilg‘i quyish samolyoti qulashi oqibatida ekipajning olti aʼzosidan to‘rt nafari halok bo‘ldi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish