Madridda "Amir Temur – so'nggi buyuk sarkarda" mavzusida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi
May 26, 2025. 12:44 • 2 daq
• 696
MADRID, 26-may. /"Dunyo" AA/. Ispaniya poytaxtida "Casa Asia" markazi va Madrid qirollik teatri hamkorligida "Amir Temur – so'nggi buyuk sarkarda" mavzusida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xalqaro anjuman Madrid qirollik teatrining 2024/25 mavsumi dasturiga kiritilgan Jorj Friderik Xandelning "Temurlang" operasi premyerasi arafasida tashkil etildi.
Konferensiyaga "Casa Asia" markazi direktori Emilio de Migel moderatorlik qildi.
Anjuman davomida Samarqandni o'z saltanatining buyuk poytaxti etib e'lon qilgan va uni jahonning eng muhim madaniy va savdo markazlaridan biriga aylantirgan Amir Temurning siyosiy yetakchiligi, harbiy yurishlari va insonparvarlik g'oyalari xususida fikr almashildi.
Konferensiyaning asosiy ma'ruzachisi filologiya fanlari doktori, Markaziy Osiyo lingvistik antropologiyasi bo'yicha mutaxassis Migel Peyro bo'ldi. U o'z ma'ruzasida Amir Temur davri tarixi, Temuriylar merosi, davlatchilik shakllanishida madaniyat, ilm-fan, me'morchilikning o'rni haqida to'xtalib o'tdi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo madaniy merosini ommalashtirish va Amir Temur kabi buyuk tarixiy shaxslar xotirasini asrab-avaylash muhimligiga e'tibor qaratildi.
Ishtirokchilar mintaqamizning nafaqat tarixiy ahamiyati, balki zamonaviy sayyohlik salohiyatini ham muhokama qildilar. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar Sharq madaniyatiga qiziquvchi sayohatchilar orasida tobora ommalashib borayotgani ta'kidlandi.
Qayd etilishicha, Madrid va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslar yo'lga qo'yilgani tufayli ispaniyalik sayyohlarning O'zbekistonga, xususan Temuriylar merosi bilan tanishishga bo'lgan ishtiyoqi ortib bormoqda.
O'zbekiston bugungi kunda madaniy-ma'rifiy turizmni jadal rivojlantirayotgani, sayohatchilarga buyuk hukmdorlar izidan borish, Buyuk ipak yo'li shaharlarini kashf etish va mintaqaning boy merosi bilan tanishish uchun noyob imkoniyat taqdim etayotgani alohida urg'ulan. Ushbu dasturlar butun dunyo olimlari va tarix ixlosmandlarini ham ilhomlantirishda davom etayotgani ta'kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi