Toshkent–Shanxay o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yildi
Iyul 04, 2025. 11:47 • 2 daq
• 779
SHANXAY, 4-iyul. /"Dunyo" AA/. Kecha O'zbekistonning "Qanot Sharq" aviakompaniyasi Toshkent–Shanxay yo'nalishi bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur yo'nalish orqali O'zbekiston va Xitoyning ikki yirik, strategik ahamiyatga ega shaharlari – Toshkent va Shanxay muntazam aviaqatnov bilan bog'landi. Aviaqatnovlar haftasiga ikki marta – dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Toshkent va Shanxay o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovining yo'lga qo'yilishi O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki tomonlama investitsiyalarni rag'batlantirish, turizm va madaniy almashinuv salohiyatini oshirish uchun yangi istiqbolli imkoniyatlarni yaratadi. Shu bilan birga, mazkur yo'nalish logistika jarayonlarini soddalashtirib, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri tovar ayirboshlashni jadallashtirish, yuqori qiymatli va tez yetkazilishi zarur bo'lgan yuklar aylanmasini faollashtirish imkonini beradi.
Yangi reys orqali O'zbekiston fuqarolari uchun Xitoyning iqtisodiy markazi – Shanxayga tez va qulay sayohat qilish imkoniyati paydo bo'ldi. Shuningdek, xitoylik sayyohlar uchun O'zbekistonning boy tarixiy va madaniy meros obidalarga safar qilish uchun qulay darvoza ochiladi. Bu esa o'zaro turistik oqimni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovi ikki davlat o'rtasidagi madaniy va ta'limiy aloqalarni faollashtirish, xalqaro festivallar, ko'rgazmalar, talabalar va mutaxassislar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish uchun qo'shimcha poydevor yaratadi.
Bu muhim tashabbus O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpin o'rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi