Logo

O'zbekiston noshirlari «Buyuk ipak yo'li bo'ylab» xalqaro kitob va poligrafiya ko'rgazmasida ishtirok etmoqda

Noyabr 23, 2023. 14:33 • 2 daq

114
O'zbekiston noshirlari «Buyuk ipak yo'li bo'ylab» xalqaro kitob va poligrafiya ko'rgazmasida ishtirok etmoqda

OLMAOTA, 23-noyabr. /«Dunyo» AA/. Olmaota shahrida (Qozog'iston) «Buyuk ipak yo'li bo'ylab» xalqaro kitob va poligrafiya ko'rgazmasi ochildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Yarmarkada O'zbekistondan «O'zdavkitobsavdota’minoti», «SAHHOF» va «Eng yaxshi kitob» noshirlik korxonalari ishtirok etmoqda. Shuningdek, ko'rgazmada Xitoy, Eron, Belarus, Tojikiston, Rossiya, Qirg'iziston va boshqa mamlakatlarning yetakchi kitob savdosi tashkilotlari hamda noshirlik uylari vakillari qatnashyapti.

O'zbekiston vakillari tomonidan tashkil etilgan pavilyonda namoyish etilayotgan bosma mahsulotlar – xalq ertaklaridan tortib o'zbek va G'arb mumtoz adabiyoti durdona asarlarining yangi nashrlari mehmonlar hamda ishtirokchilar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Ko'rgazmaga tashrif buyurgan maktab o'quvchilari, olimlar, yozuvchilar, ta’lim sohasi vakillari hamda nashriyotlar va madaniyat muassasalari mutaxassislari O'zbekiston stendini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Qozoq tilidagi kitoblar mezbon mamlakat vakillariga alohida qiziqish uyg'otdi. Mehmonlar kitob chop etish sohasidagi so'nggi yutuqlar, O'zbekiston hukumati tomonidan aholining kitobxonlikka qiziqishini oshirish maqsadida yangi kutubxonalar tashkil etishga qaratilayotgan e’tibor bilan tanishdilar.

Ko'rgazma 24-noyabr kunigacha davom etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish