O'zbekiston vakili tarixda ilk bor Butunjahon yoshlar sammitida ishtirok etdi
Noyabr 07, 2025. 10:01 • 2 daq
• 498
MYUNXEN, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Butunjahon yoshlar sammiti ("One Young World Summit")da O'zbekiston talabalar ittifoqining Buyuk Britaniyadagi direktori Asha Buxarbayeva mamlakatimiz bayrog'ini ko'tarish sharafiga muyassar bo'ldi, deb xabar qiladi "Dunyo" AA muxbiri.

Sammitning ochilish marosimi Myunxendagi Olimpiya stadionida bo'lib o'tdi. Unda Iordaniya Qirolichasi Raniya Al-Abdulla, Nobel mukofoti sovrindorlari Mariya Ressa va Tavakkul Karman, shuningdek, dunyoning yetakchi "Chanel", "BMW", "Siemens" va "AstraZeneca" kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.
Mazkur forumning bu yilgi yig'ilishi "yashil" iqtisodiyot, ta'limni rivojlantirish, zamonaviy ilmiy-texnologiyalardan samarali foydalanish, dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, irqiy, milliy va siyosiy adovatga qarshi kurash mavzulariga bag'ishlandi.
Tadbir doirasida O'zbekiston vakili mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosati, xotin-qizlarning ta'limdagi faolligini oshirishga qaratilgan katta imkoniyatlar va tashabbuslar haqida nutq so'zladi.
"One Young World Summit" butun dunyodan yosh yetakchilarni to'plash va ularni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, global muammolarga yechim topishga jalb qilish maqsadida 2009-yilda Buyuk Britaniyada tashkil etilgan. Uning bu yilgi forumida 190 dan ortiq mamlakat yoshlari ishtirok etdi.
Eslatib o'tamiz, 2024-yilda Buyuk Britaniyadagi vatandosh talabalarni birlashtirish maqsadida Londonda O'zbekiston talabalari ittifoqi tashkil qilingan edi. Hozirda unga 500 dan ortiq talaba a'zo bo'lib, Germaniya va Italiyada ham faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi