Turkiyaning Istanbul shahrida kuchli zilzila sodir bo'ldi
Aprel 23, 2025. 18:10 • 2 daq
• 243
TOSHKENT, 23-aprel. /"Dunyo" AA/. Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida mahalliy vaqt bilan 12:49 da (Toshkent vaqti bilan 14:49) 6,2 magnitudali zilzila sodir bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi (AFAD) saytida e'lon qilingan ma'lumotga ko'ra, yer qimirlashi 10 soniya davom etgan. Zilzila epitsentri Marmara dengizida, Silivri shahridan taxminan 20-30 kilometr janubi-g'arbda 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Avvalroq mintaqada 3,9 ballik yana bir zilzila sodir bo'lgan edi.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Erlikayaning so'zlariga ko'ra, Turkiya favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) hozircha jiddiy vayronagarchiliklar va jabrlanganlar haqida ma'lumot bermadi. Shunday bo'lsada rasmiylar aholini hushyor bo'lishga va binolar yonidan uzoqroq yurishga chaqirmoqda.
Turkiyaning Transport va infratuzilma vaziri Abdulqadir Ural o'g'lining ma'lum qilishicha, Istanbuldagi dastlabki tekshiruvlarda avtomobil yo'llari, aeroportlar, poyezdlar va metropolitenda hech qanday shikastlanish aniqlanmagan. Uning ta'kidlashicha joylarda nazorat tadbirlari hali davom etmoqda.
Istanbul Shimoliy Anadolu tektonik yorig'i yaqindagi seysmik faol hududda joylashgan. Rasmiylarning taxminlaricha, shahardagi qariyb 1,5 million turarjoy va tijorat binolari kuchli zilzilalar chog'ida vayron bo'lish xavfi ostida.
Eslatib o'tamiz, Turkiyadagi so'nggi vayronkor zilzila 2023-yilning 6-fevralida mamlakat janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,8 magnitudada sodir bo'lgan. Tabiiy ofat oqibatida 50 mingdan ziyod inson vafot etgan.
O'zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiyada yashayotgan, ishlayotgan va ta'lim olayotgan fuqarolar uchun qulay va tezkor aloqani ta'minlash maqsadida quyidagi aloqa vositalarini joriy etmoqda:
Telefon va Telegram/WhatsApp: +90 553 541 17 17
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi