USAID xarajatlarining qisqartirilishi keyingi besh yilda 14 million kishining o'limiga sabab bo'lishi mumkin
Iyul 02, 2025. 12:24 • 2 daq
• 52
VASHINGTON, 2-iyul. /"Dunyo" AA/. AQSh Prezidenti Donald Trampning xorijiy gumanitar yordam uchun mo'ljallangan mablag'larni qisqartirish to'g'risidagi qarori 2030-yilgacha 14-milliondan ortiq insonning o'limiga sabab bo'lishi mumkin, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"The Lancet" tibbiyot jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko'ra, erta o'lim xavfi ostida bo'lgan 14 million kishining uchdan bir qismini bolalar tashkil etadi.
"Kam va o'rta daromadli mamlakatlar global pandemiya yoki yirik qurolli mojarolar oqibatida yuzaga kelgan inqiroz darajasidagi xavfga duch kelishi mumkin", – dedi Barselona global sog'liqni saqlash instituti tadqiqotchisi, professori Devid Rassel.
Mart oyida AQSh davlat kotibi Marko Rubio AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dasturlarining 80 foizdan ortig'i bekor qilinganini ma'lum qilgan edi. Butun dunyodagi gumanitar tashkilotlar tomonidan qoralangan mazkur bahsli qisqartirishlar, o'sha paytda Hukumat samaradorligi departamentiga (DOGE) rahbarlik qilgan milliarder Ilon Mask tomonidan nazorat qilingan.
USAID dasturlarining qisqartirilishi "Aholining zaif qatlami o'rtasida kuzatilayotgan sog'liqni saqlash sohasidagi yigirma yillik taraqqiyotni keskin to'xtatib qo'yishi va hatto ortga qaytish xavfini oshiradi", – deyiladi tadqiqot guruhi bayonotida. Shuningdek, USAID 2001-yildan 2021-yilgacha bo'lgan davrda rivojlanayotgan mamlakatlarda 90 milliondan ortiq o'limning oldini olishga ko'maklashgani ham qayd etilgan.
"The Lancet" bayonoti o'nlab jahon yetakchilari shu hafta Ispaniyaning Sevilya shahrida BMT shafeligida o'tayotgan so'nggi o'n yillikdagi eng yirik yordamchi sammitga yig'ilgan bir paytda e'lon qilindi.
Dunyodagi eng yirik gumanitar yordam yetkazib beruvchi hisoblangan AQSh 60 dan ortiq mamlakatda, asosan pudratchilar orqali faoliyat yuritadi. Hukumat ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda ular xalqaro yordamga 68 milliard dollar sarflagan.
"USAID global yordam tizimining ajralmas qismi hisoblanardi. Prezident Donald Tramp xarajatlarni qisqartirish haqida e'lon qilganidan so'ng, boshqa mamlakatlar, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya ham uning ortidan ergashdi", –deya qayd etadi "BBC" telekanali.
"Reuters"agentligi olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi