Logo

Ispaniya va Portugaliya elektr tokisiz qoldi

Aprel 29, 2025. 09:12 • 57 soniya

53
Ispaniya va Portugaliya elektr tokisiz qoldi

MADRID, 29-aprel. /"Dunyo" AA/. Ispaniya va Portugaliyada elektr ta'minotida uzilish yuz berdi, bu mintaqa tarixidagi eng yirik hodisalardan biriga aylandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Red Eléctrica" milliy elektr tarmoqlari operatori ma'lumotiga ko'ra, hodisaga "elektr oqimining kuchli tebranishi" sabab bo'lgan, bu esa Ispaniyaning umumevropa elektr tarmog'idan avtomatik ravishda uzilishiga sabab bo'ldi. Uzilishlar natijasida svetoforlar, mobil aloqa, temir yo'l va havo transporti faoliyati to'xtatildi. Kasalxonalar va muhim obyektlar generatorlardan zaxira quvvatiga o'tdi. Eng ko'p zarar ko'rgan shaharlar Madrid, Barselona, ​​Valensiya va Sevilya bo'ldi.


Ma'lumotlarga ko'ra, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches va Bosh vazir o'rinbosari Sara Aagesen "Red Eléctrica" boshqaruv markazida favqulodda yig'ilish o'tkazgan. Shuningdek, Milliy kiberxavfsizlik instituti ehtimoliy kiberhujum yuzasidan tekshiruv boshladi, biroq hozircha bu versiyaning rasmiy tasdig'i yo'q.


Ispaniya Yo'llar bosh boshqarmasi fuqarolarni svetofor va yo'l belgilari ishlamayotganligi sababli sayohat qilishdan tiyilishga chaqirmoqda. Madridda metro va "Cercanías" shaharlararo poyezdlari qatnovi to'xtatilgan, xuddi shunday holat Valensiya, Barselona va Sevilyada ham kuzatilgan. Vaziyat tarangligicha qolmoqda, ammo tiklash ishlari davom etyapti. Rasmiylar esa fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga va hukumat tavsiyalariga amal qilishga chaqirmoqda.

"El País" gazetasi saytidan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish