Toshkent shahrida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnomani implementatsiya qilishga ko'maklashish masalalari muhokama qilindi
Dekabr 14, 2023. 18:49 • 3 daq
• 139
TOSHKENT, 15 dekabr. /"Dunyo" AA/. Kecha poytaxtimizda "Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnomani implementatsiya qilishga ko'maklashish" mavzusida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirning asosiy tashkilotchilari Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz hamda Xalqaro migratsiya tashkilotining mamlakatimizdagi missiyasi hisoblanadi.
Xalqaro davra suhbatida O'zbekiston, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli davlat muassasalari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, ilmiy va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkilotining Bosh qarorgohi (Jeneva, Shveysariya), Mintaqaviy ofisi (Vena, Avstriya), Migratsiya ma'lumotlarini tahlil qilish global markazi, ushbu xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakolatxonalari xodimlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Zeynal Gadjiyev davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, bugungi kunda migratsiya barcha davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida sezilarli mavqega egaligiga e'tiborni qaratdi. Shu sababli xalqaro hamjamiyat 2018 yilda Marokashda "Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnoma"ni ma'qulladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 22-iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy strategiyasi va uning "Yo'l xaritasi"da mehnat migratsiyasini tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifasi belgilangan. Shu asosda migrantlar huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar muntazam takomillashtirilmoqda.
Xalqaro davra suhbati avvalida Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnomaga bag'ishlangan videolavha namoyish etildi. Shundan so'ng xalqaro, mintaqaviy va milliy ekspertlar ushbu hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini atroflicha tahlil qildilar. Jumladan, Global shartnomaning BMT asosiy hujjatlari va Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog'liqligi alohida qayd etildi.
Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan muhokamalarda Jenevada joylashgan Xalqaro huquq instituti a'zosi, Londondagi "King College" universiteti hamda Tallin universiteti faxriy professori Reyn Myullerson, Xalqaro migratsiya tashkilotining Venadagi mintaqaviy ofisi xodimi Loran Simon Van Ash, Xalqaro migratsiya tashkilotining Migratsiya to'g'risidagi global shartnoma bo'yicha ekspert-maslahatchisi Elmira Xisamutdinova, BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo'yicha qo'mitasi raisining o'rinbosari, Rossiya Xalqlar do'stligi universiteti "Xalqaro huquq" kafedrasi mudiri, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti professori Aslan Abashidze va boshqa ekspertlarning ma'ruzalari tinglandi.
Davra suhbati doirasida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyaning milliy tizimini rivojlantirish bo'yicha bir qator namunali tajribalar taqdim etildi. Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnomani amalga oshirish borasidagi ilg'or mamlakatlar, xususan, Ozarbayjonning amaliy tajribasi o'rganildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlariga Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to'g'risidagi global shartnomani implementatsiya qilishga ko'maklashish maqsadida tegishli mintaqaviy dastur ishlab chiqilgani haqida batafsil so'z yuritildi. Dastur Xalqaro migratsiya tashkilotining Migratsiya uchun resurslarni taqsimlash bo'yicha qo'mitasi moliyaviy ko'magi bilan izchil amalga oshirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Nukus va Samarqand YUNESKOning Global taʼlim shaharlari tarmog‘iga qo‘shildi