Toshkentda O'zbekiston-Amerika biznes-forumi bo'lib o'tdi
Iyun 09, 2025. 12:51 • 4 daq
• 277
TOSHKENT, 9-iyun. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkent xalqaro investitsiya Forumi doirasida O'zbekiston-Amerika biznes-forumi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar tarixida muhim voqea bo'ldi. Biznes-forum O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Amerika-O'zbekiston Savdo palatasi (AUCC) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirni ochib berish uchun so'zga chiqqan O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari Jamshid Xodjayev yurtimizga keluvchi investorlarda tug'iladigan "Nega aynan O'zbekiston?" savoliga javob berdi:
– Birinchidan, bizda investorlar huquqlari qonun bilan kafolatlangan. Yangi biznes subyektlarini ro'yxatdan o'tkazish soddalashtirilgan. Yer maydonlari onlayn-auksion orqali taqdim etiladi. O'zbekiston iqtisodiyoti so'nggi yillarda deyarli ikki baravar o'sdi. O'tgan yilda o'sish sur'ati 6.5% bo'ldi. 6 milliard dollardan ortiq to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. "O'zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida biz YAIMni 200 milliard dollarga, investitsiyalarni 100 milliardga, eksportni esa 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Ikkinchidan, barqaror iqtisodiy o'sish ta'minlangan. Sanoat yillik o'rtacha 8% ga o'smoqda. Eksport hajmi ikki baravar ortgan. Markaziy Osiyoda 83 millionlik aholi bo'lishi bilan birga, biz 300 millionlik keng bozorlar bilan erkin savdo rejimiga egamiz. Yevropa bozoriga GSP+ imtiyozlari orqali 6 200 dan ortiq mahsulotimizni eksport qilmoqdamiz. Eksport hajmi 27% ga o'sgan.
Uchinchidan, malakali va yosh ishchi kuchi. Aholining 60 foizi 30 yoshgacha bo'lgan yoshlardan iborat. 62 ta yangi oliy ta'lim muassasasi ochilgan, ulardan 23 tasi – xalqaro universitetlar filiallari. Oliy ta'lim qamrovi 9% dan 42% gacha oshgan.
To'rtinchidan, biz tabiiy resurslarga boymiz. O'zbekiston dunyoda oltin zaxiralari bo'yicha 2-o'rinda. Mis, volfram, kumush, uran va boshqa xomashyo boyliklari bor. O'tgan yili AQSh bilan muhim xomashyo bo'yicha hukumatlararo anglashuv memorandumi imzoladik.
Beshinchidan, zarur infratuzilma yaratilgan. Sanoat, qishloq xo'jaligi, farmatsevtika va turizm sohalariga ixtisoslashgan 39 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Hududlar to'liq muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlangan hamda unda faoliyat yurituvchi korxonalar 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv va daromad soliqlaridan ozod etiladi.
Oltinchidan, transport-logistika salohiyatimiz. O'zbekiston Sharq va G'arb, Shimol va Janubni bog'laydigan asosiy yo'llar chorrahasida joylashgan. Biz mintaqaviy markaz sifatida muhim tranzit imkoniyatlarga egamiz.
Forumda, shuningdek, O'zbekiston tomondan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Senat raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev hamda soha vazirliklari, idoralari rahbarlari ham ishtirok etdilar.
2024-yil yakunlariga ko'ra, O'zbekiston bilan AQSh o'rtasidagi savdo aylanmasi 15 foizga o'sib, 881,7 million AQSh dollariga yetdi, AQShdan jalb etilgan to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar hajmi esa 612,6 million dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O'zbekistonda AQSh kapitali ishtirokidagi 314 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 167 tasi to'liq AQShga tegishli kompaniyalardir.
Tadbirda ikki davlatning ishbilarmonlar va davlat sektori vakillaridan iborat 150 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida ishlab chiqarish, raqamlashtirish, qishloq xo'jaligi, energetika, moliya va sog'liqni saqlash sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchi 100 ga yaqin amerika kompaniyalari ham bor edi. Forumda Boeing, Visa, Coca-Cola, Medtronic, John Deere, CNH, Morgan Stanley, NASDAQ, Abbott kabi kompaniyalar rahbarlari, shuningdek AQShdagi investitsiya fondlari, universitetlar, yuridik, muhandislik va texnologiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
So'nggi yillarda O'zbekiston markazlashgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o'tish jarayonini amalga oshirdi. Investitsiyalarni himoya qiladigan qonunlar, shu jumladan, xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlar joriy etildi. 2017-yilgi harakatlar strategiyasi, 2022 yilgi "Yangi O'zbekiston" strategiyasi va hozirgi "O'zbekiston-2030" strategiyasi – bularning yorqin misollaridir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevni va uning jamoasini tabriklaymiz, ular islohotlar orqali investitsiyalar uchun qulay va ishonchli muhit yaratishga erishdilar. Antikorrupsiyaviy qonunlar qabul qilindi, davlat xizmatchilari malakasi oshirildi, siyosiy va iqtisodiy tizim jahon standartlariga mos ravishda shakllandi.
2024-yilda O'zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 6,5% ga o'sdi. Privatizatsiya jarayoni tezlashdi, banklar va yirik davlat korxonalari bozor prinsiplari asosida ishlay boshladi. Davlat ishtirokining kamayishi iqtisodiy faollikning kuchayishiga yordam berdi.
Bugungi kunda O'zbekistonda amerikalik investorlar uchun keng imkoniyatlar ochilgan. Ko'plab amerikalik investorlar O'zbekistonga yangi texnologiyalar, xavfsiz mahsulotlar va global brendlarni olib kelishmoqda, bu esa o'zaro foydali va barqaror iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi.
AQSh Davlat departamenti ham O'zbekistonning xorijiy investitsiyalar uchun ochiqligini tan oldi. 2030-yilga kelib, O'zbekiston o'rtacha daromadga ega mamlakatlar guruhiga qo'shilish yo'lida katta qadam tashlashni rejalashtirmoqda. AUCC bu jarayonni to'liq qo'llab-quvvatlaydi.
Forum dasturiga O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati taqdimoti hamda G2B (hukumat va biznes vakillari o'rtasidagi) uchrashuvlar kiritildi. Muhokamalar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollari, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va institutsional hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga bag'ishlandi.
Forum davomida FLSmidth, New Holland Agriculture, Visa, IDCA, John Deere, Coca-Cola kabi Amerika kompaniyalarining O'zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyati misol tariqasida alohida ta'kidlab o'tildi.
Forumda tomonlar quyidagi ustuvor yo'nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishga yuqori qiziqish bildirayotgani tasdiqlandi:
-yashil energetika;
- qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati;
-sog'liqni saqlash va farmatsevtika;
-axborot texnologiyalari va raqamli infratuzilma;
- moliyaviy texnologiyalar;
- ishlab chiqarish va mashinasozlik.
2025-yilgi O'zbekiston-Amerika biznes-forumi ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklikni yana-da kengaytirish yo'lida muhim qadam bo'lib, O'zbekistonning Markaziy Osiyodagi ishonchli iqtisodiy va investitsiyaviy hamkor sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi