JIDUda bitiruvchilar bandligini ta'minlash bo'yicha "Bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi" tashkil etildi

May 28, 2024. 11:50 • 2 daq

1172
JIDUda bitiruvchilar bandligini ta'minlash bo'yicha "Bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi" tashkil etildi

TOSHKENT, 28-may. /"Dunyo" AA/. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko'magida "Karyera kuni" (Bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi-2024) tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Karyera kuni" tadbirini tashkil etishda "Chinvakil" logistika mas'uliyati cheklangan jamiyati asosiy hamkor sifatida qatnashdi.

Mazkur tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad, universitetimiz bitiruvchi talabalarini ishga joylashtirishga ko'maklashish, shuningdek, yirik ish beruvchi korxonalarga iqtidorli va yosh mutaxassislarni tanlashda ko'maklashishdan iboratdir.

Unda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Markaziy bank, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, "O'zbekneftgaz", "Enter engineering", "Huawei Tech Investment Tashkent" va boshqa yirik ish beruvchi tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Tadbir doirasida bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi ham tashkil etilib, unda taklif etilgan tashkilot va muassasalar vakillari universitet bitiruvchilari va talabalarini o'z korxonalaridagi afzalliklar va mehnat sharoitlari, vaqtinchalik va doimiy ishga joylashish uchun kadrlarga bo'lgan ehtiyoj bilan tanishtirdilar.

Mazkur tadbir JIDU tomonidan bir necha yillardan buyon o'tkazib kelinmoqda. Yarmarka davomida davlat tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari universitet bitiruvchilari va talabalari orasidan ishga joylashish uchun mutaxassislarni tanlashlari mumkin.

"Karyera kuni" doirasida universitetning ko'plab bitiruvchilari ish beruvchilar bilan suhbat jarayonida vakant joylarga takliflar olishi, yuqori malakali ishchi kadrlar tayyorlashdan manfaatdor bo'lgan bir qator davlat idoralari va xususiy kompaniyalar JIDU bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yishlari mumkin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish