"Xalqaro biznes forum – Jizzax – 2025" tadbiri yakunida umumiy qiymati 700 million AQSh dollariga teng investitsiya va savdo shartnomalari imzolandi
Aprel 25, 2025. 07:07 • 3 daq
• 181
ZOMIN, 25-aprel. /"Dunyo" AA/. 23-24-aprel kunlari Jizzax viloyati Zomin tumanida "Xalqaro biznes forum – Jizzax–2025" tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forum O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Jizzax viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va bir qator xalqaro tashkilotlar ko'magida tashkil etildi.
Unda 32 ta davlatdan 300 dan ziyod yetakchi kompaniyalar va ishbilarmon doiralar vakillari, yurtimizda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus rahbarlari hamda O'zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari ishtirok etdi.
Dastlab ishtirokchilar "Suffa" maskanida o'tkazilayotgan "Made in Jizzakh" sanoat ko'rgazmasi bilan tanishdi.
Biznes-forumning tantanali ochilish marosimida O'zbekiston tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Ilhom Haydarov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Jizzax viloyati hokimi Ulug'bek Mustafoyev ma'ruza qildilar.
Yig'ilganlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O'zbekiston, shu jumladan Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning samarali natijalari haqida batafsil so'zlab berildi.
Jizzax viloyati tumanlari imkoniyatidan kelib chiqqan holda mashinasozlik, yuqori texnologiyalar, qishloq xo'jaligi, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalarga doir istiqbolli loyiha takliflari ishtirokchilar e'tiboriga taqdim etildi.
Xorijiy kompaniyalar vakillari O'zbekistonda investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, dunyoda kuzatilayotgan global iqtisodiy mavhumlik paytida davlatimiz rahbarining barqaror va izchil siyosatini yuksak baholadilar.
Xususan, Xitoyning "Minyuan Silu Tianjin Industry" kompaniyasi prezidenti Li Syan Chin O'zbekistondagi faoliyati bilan o'rtoqlashdi va yurtimizda xorijiy investorlarga yaratilgan imkoniyatlarni e'tirof etgan holda, mamlakatimizda amalga oshirayotgan loyihalarini kengaytirish rejalarini bildirdi.
Xalqaro forum dasturiga binoan ixtisoslashgan ko'rgazmalar, "B2B" va "G2B" uchrashuvlar hamda investitsiya loyihalarining taqdimotlari ham tashkil etildi.
Muzokaralar natijasida Jizzax viloyati hokimligi va Kuvaytning "KFH Capital Investment Company", Rossiyaning "Ximgrad", Pokistonning "Broadpeak", Tailandning "Siam Rubber Company", Latviyaning "Sonora", Isroilning "UID Cohen", Yaponiyaning "Balcom Group" va Xitoyning "CNBM Beijing Triumph International Engineering Co" kompaniyalari o'rtasida kimyo, qishloq xo'jaligi, qurilish, transport-logistika va boshqa bir qator yo'nalishlarda o'zaro hamkorlikni jadallashtirish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, forumda ishtirok etgan xorijiy diplomatik korpus rahbarlari bilan o'tkazilgan ikki tomonlama muloqotda, elchilar ushbu tadbirning yuqori ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlash barobarida Jizzax viloyatining investitsiyaviy salohiyati to'g'risida o'z mamlakatlaridagi ishbilarmon doira vakillari va kompaniyalarni xabardor qilishlarini ta'kidladilar.
"Xalqaro biznes forum – Jizzax–2025" natijasida qiymati 700 million AQSh dollariga teng investitsiya va savdo shartnomalari imzolandi. Shuningdek, Jizzax viloyati va hududdagi tumanlar hokimliklari xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolandi. Xususan, Kuvaytning "Gulf Care General Trading Co.Ltd" kompaniyasi bilan sog'liqni saqlash sohasida hamkorlik va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, "BMB Holding" va Avstriyaning "Agrotek Handels" kompaniyasi o'rtasida Jizzax viloyatida qo'shma korxona tashkil etish, Sharof Rashidov tumani hokimligi va Xitoyning "Tianshui Lake" kompaniyasi o'rtasida turizmni rivojlantirish to'g'risida anglashuv memorandumlari imzolandi.
Biznes-forum maydonida O'zbekistonning xorijdagi elchixonalari rahbarlari o'zlari mas'ul bo'lgan davlatlardan kelgan biznes vakillari bilan birgalikda Jizzax viloyat va tuman hokimlari bilan alohida muzokara o'tkazdilar. Unda hududdagi istiqbolli yettita loyihaga aniq investorlarni jalb etish, viloyatda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti hajmi va geografiyasini kengaytirish, yangi bozor topish hamda hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan qo'shma yo'l-xaritasi ishlab chiqiladi va nazoratga olinadi.
Forum tashkilotchisi O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, ushbu shakldagi biznes-forumlar yurtimizning boshqa hududlarda ham tashkil etiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi