Turkiyalik investor Toshkentda qurilayotgan navbatdagi klinikasi uchun 1,2 million dollar sarmoya kiritmoqda
Avgust 23, 2025. 13:43 • 54 soniya
• 113
ANQARA, 23-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi diplomatlari turkiyalik investor Xamid Aydin bilan uchrashuv o'tkazdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida Xamid Aydin tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtiri masalalari muhokama qilindi.
Ma'lum qilinishicha, turkiyalik ishbilarmon poytaxtimizdagi "Tashkent city" majmuasida go'zallik va plastik jarrohlik yo'nalishida faoliyat yurituvchi klinikani tashkil etish uchun 1,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritmoqda. Klinikaning ochilishi yil yakuniga rejalashtirilgan.
– Biz 2020-yilda Toshkentda birinchi "EKU" klinikasini ochgan edik. Shundan so'ng, Samarqand va Urganch shaharlarida mazkur klinika filiallarini ishga tushirdik, – dedi Xamid Aydin. – Bu klinikalarda 12 nafar turkiyalik va 70 nafar o'zbekistonlik shifokorlar faoliyat yuritmoqda. Shu kunga qadar O'zbekiston sog'liqni saqlash sohasiga 3,75 million dollarlik investitsiya kiritdik. Mamlakatingizda xorijlik investorlarga, xususan, menga ko'rsatilayotgan ko'mak va g'amxo'rliklardan behad minnatdorman. O'zbekiston Prezidenti tomonidan ushbu sohani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani, faoliyatimizni kengaytirishga va yangi loyihalarni amalga oshirishga undayapti.
Shuningdek, uchrashuvda kelgusida O'zbekistonda ayollar va bolalar uchun ixtisoslashtirilgan zamonaviy shifoxona tashkil etish tashabbusi ham ko'rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi