Jizzax viloyatida agrologistika bo'yicha O'zbekiston-Rossiya qo'shma korxonasi ishga tushirildi
Noyabr 28, 2023. 19:24 • 3 daq
• 398
TOSHKENT, 28 noyabr. /"Dunyo" AA/. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida bugun «BMB-NRC Agrologistics» O'zbekiston-Rossiya qo'shma korxonasining birinchi bosqichini ishga tushirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda so'zga chiqqanlar bugungi kunda ikki mamlakat o'rtasida ishonch va mustahkam do'stona aloqalarga asoslangan hamkorlik yo'lga qo'yilgani, o'zaro manfaatli muloqotlar davom etayotgani va turli sohalardagi istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini qayd etishdi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarining Rossiya va boshqa mamlakatlarga tezkor hamda to'siqsiz eksport qilishga mo'ljallangan mazkur korxona O'zbekiston-Rossiya o'rtasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi ekani ta'kidlandi.
«BMB-NRC Agrologistics» o'ziga xos noyob kompleks sifatida mamlakatimiz mintaqalarida yetishtirilgan turli qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash, bojxona, bank va sanitar hujjatlarini «Yagona darcha» tamoyili asosida rasmiylashtirish, transport, logistika xizmatlarini ko'rsatish kabi amaliyotlar joriy etilgan.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, eksportyorlar shu yerning o'zida doimiy ravishda faoliyat ko'rsatadigan "Rosselxoznadzor"ning akkreditatsiyalangan laboratoriyasi sertifikatlari bilan Rossiya va boshqa mamlakatlarga to'g'ridan-to'g'ri eksportni yo'lga qo'yishlari mumkin.
Bundan tashqari, tadbir davomida qo'shma korxonaning yaqin vaqt ichida boshlanishi rejalashtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini sublimatsion tarzda quritish va shok usulida muzlatishni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 225,1 milliard so'm bo'lgan navbatdagi bosqichlar qurilishi poydevoriga muqaddima sifatida ramziy kapsulani qo'yish marosimi ham o'tkazildi.
Tadbir doirasida qishloq xo'jaligi yo'nalishidagi 150 dan ortiq yirik korxona vakillari tomonidan hududlarning eksport salohiyatini namoyish etuvchi ko'rgazma tashkil etildi. Ekspozitsiyalarni ko'zdan kechirish chog'ida eksportyor va importyorlar o'rtasida amaliy muloqotlar bo'lib o'tdi. "B2B" formatida sherikchilik aloqalarini o'rnatish bo'yicha qator kelishuvlarga erishildi. «BMB-NRC Agrologistics»da faoliyat yurituvchi barcha xizmatlar mutaxassislari esa shu yerning o'zida mehmonlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Korxonaning rasmiy ochilish marosimi ishtirokchilari, shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida majmua hududida bog' yaratish maqsadida ko'chat ekish aksiyasida qatnashdilar.
Qayd etish kerakki, mazkur zamonaviy majmuaning umumiy qiymati 709,71 milliard so'm bo'lib, kompleks qurilishi uch bosqichli modul ko'rinishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bu yerda 10 ming tonna sig'imga ega bo'lgan muzlatkichli kameralar va omborlar mavjud bo'lib, loyiha to'liq ishga tushirilgach, 810,0 ming tonna qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradi. Kompleksda qad ko'targan dastlabki modulda esa yiliga 270 ming tonnagacha mahsulotlarni qabul qilish imkoni yaratilgan.
Eng muhimi, hozirning o'zidayoq 180 nafar doimiy, 400 nafardan ziyod mavsumiy ish o'rinlari yaratilmoqda. Majmua to'liq quvvatda ishga tushirilgach, 1 410 nafar mahalliy aholi doimiy ish o'rniga ega bo'ladi.
O'tgan davr mobaynida loyiha doirasida 484,62 milliard so'm miqdorida investitsiyalar o'zlashtirilishi hisobiga agrologistika kompleksining to'laqonli faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma yaratildi. Xususan, Bojxona qo'mitasi, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda "O'zsanoatqurilishbank"ning hududiy filiallari, fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlashtirish uchun PCR testi va laboratoriya jihozlari o'rnatildi.
Shubhasiz, «BMB-NRC Agrologistics» qo'shma korxonasi mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishga, iqtisodiy taraqqiyoti rivojiga, xalqimiz farovonligini oshirishga o'zining munosib hissasini qo'shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi