O'zbekiston TIV: Tailand va Kambodja o'rtasida yuz bergan qurolli to'qnashuv munosabati bilan tomonlarni vaziyatni tinch yo'l bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqiramiz
Iyul 25, 2025. 12:02 • 2 daq
• 369
TOSHKENT, 25-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Tailand va Kambodja o'rtasida yuza kelgan holat bo'yicha o'z xavotirlarini bildirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov o'zining telegram-kanalida Tailand va Kambodja o'rtasida yuza kelgan holat bo'yicha OAVdan kelib tushayotgan savollar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qildi.
"O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tailand va Kambodja o'rtasidagi chegarada yuz bergan qurolli to'qnashuv munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Biz barcha tomonlarni vaziyatni tinch yo'l bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqiramiz.
Mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi ma'lumotlariga ko'ra, hozirgi vaqtda Tailand va Kambodjada istiqomat qilayotgan O'zbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar mavjud emas. Tailand poytaxti va turizm markazlarida vaziyat barqaror bo'lib, xorijiy sayyohlar uchun xavf-xatar mavjud emas.
Shu bilan birga, O'zbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga safar qilmaslikni va rasmiy xabarlarni kuzatib borishni so'raymiz.
Favqulodda vaziyatlarda Bangkokdagi Bosh konsulxonamizga (+66-2) 675-3995 yoki (+66-2) 675-3996 raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.
Vazirlik vatandoshlarimiz xavfsizligini ta'minlash uchun barcha zarur choralarni ko'rishda davom etadi", – deb yozgan TIV matbuot kotibi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi