"Al-Jarida" nashri: O'zbekiston Markaziy Osiyoda investitsiya integratsiyasining muhim markaziga aylanmoqda
Noyabr 17, 2025. 22:28 • 2 daq
• 65
AL-KUVAYT, 17-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Al-Jarida" gazetasida "Markaziy Osiyo yetakchilarining maslahat uchrashuvi: investitsiya va sanoat hamkorligi uchun yangi imkoniyat yaratmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyotga umumiy yondashuvni shakllantirishning asosiy mexanizmiga aylanib bormoqda.
O'zbekiston o'zaro savdoni va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda barqaror transport va logistika zanjirlarini yaratishga qaratilgan integratsiya jarayonlarining eng faol tashabbuskorlaridan biridir. Bugungi kunda mintaqa siyosiy muloqotdan investitsiya, innovatsiya va sanoatlashtirishga asoslangan amaliy sheriklikka o'tdi.
Shartnomaviy va huquqiy bazani uyg'unlashtirish, savdo to'siqlarini bartaraf etish va yagona sanoat standartlarini joriy etish bo'yicha tizimli sa'y-harakatlar olib borilyapti. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun energetika, mashinasozlik, qishloq xo'jaligi va ishlab chiqarish sohalarida kapitalni jalb qilish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
"Mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi shartnomaviy va huquqiy asos asosan erkin savdo, o'zaro investitsiyalarni himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish bo'yicha hukumatlararo bitimlarga asoslanadi. Ushbu bitimlar tadbirkorlik uchun qulay sharoitlarni ta'minlaydi, qo'shma korxonalarni rivojlantirishni rag'batlantiradi va savdo to'siqlarini bartaraf etishga yordam beradi", deb so'z yuritadi "Al-Jarida" nashri.
Shuningdek, materialda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari bilan tuzilgan qo'shma hukumat komissiyalari amaliy yechimlarni topish uchun samarali platformalarga aylangani, bosh vazirlar va soha vazirlarining muntazam uchrashuvlari esa yangi loyihalarni ishga tushirish va sanoat hamkorligini modernizatsiya qilishga hissa qo'shayotgani aytilgan.
Manbada Markaziy Osiyo mamlakatlarining o'zaro hamkorlik aloqalariga ham alohida to'xtalib o'tilgan. Xususan, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan ikki tomonlama savdo hajmi tobora ortib borayotgani aniq raqamlar asosida bildirilgan.
"Markaziy Osiyo mamlakatlarining sa'y-harakatlarini o'zaro ishonch va pragmatizmga asoslangan holda birlashtirish butun mintaqa uchun mustahkam iqtisodiy poydevor yaratadi. Umumiy rivojlanishning faol tarafdori sifatida O'zbekiston Markaziy Osiyoda investitsiya integratsiyasining muhim markazi va yangi sanoat davrining harakatlantiruvchi kuchi sifatida ajralib turadi", deya xulosa qilingan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi