Logo

"Associated Press of Pakistan: O'zbekiston islohotlarni, sarmoyani rag'batlantirish maqsadida global moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

Sentabr 20, 2025. 11:49 • 2 daq

43
"Associated Press of Pakistan: O'zbekiston islohotlarni, sarmoyani rag'batlantirish maqsadida global moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

ISLOMOBOD, 20-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning "Associated Press of Pakistan" (APP) axborot agentligi "O'zbekiston islohotlarni, sarmoyani rag'batlantirish maqsadida global moliyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, yuqori darajadagi uchrashuvlar doirasida O'zbekiston hukumati Jahon banki bilan uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari, jumladan, Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo'li kabi transport infratuzilmasi loyihalari va iqtisodiy xavf-xatarlarni kamaytirish choralari bo'yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.


Xalqaro valyuta jamg'armasi bilan muzokaralarda milliy iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlash va moliyaviy barqarorlikni ta'minlash dasturlariga e'tibor qaratildi. Xalqaro moliya korporatsiyasi esa davlat-xususiy sheriklik loyihalari, xususan, sog'liqni saqlash va energiya sohasini modernizatsiya qilishga oid tashabbuslarni ko'rib chiqdi.


"Ko'p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi investitsiya kafolatlari va moliyalash imkoniyatlarini kengaytirishni qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga, "JPMorgan", "Citi" va "Franklin Templeton" kabi yirik investitsiya banklari bilan O'zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, kapital bozorlarini rivojlantirish va yangi investorlarni jalb etish bo'yicha strategik masalalar muhokama qilindi", – deyilgan "APP" maqolasida.


Shuningdek, "AECOM" va "BlackRock" kabi global kompaniyalar energiya, transport va suv ta'minoti loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini o'rganmoqda. Milliy startap ekotizimini rivojlantirish doirasida "Garage Startup House" va "500 Global" bilan venchur fondlarni qo'llab-quvvatlash hamda o'zbek startaplarini xalqaro innovatsion hamjamiyatga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.


Bundan tashqari, "Nasdaq" va Nyu-York fond birjasi bilan bo'lib o'tgan muzokaralar O'zbekiston kapital bozorlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlariga bag'ishlandi.


"Xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish O'zbekistonga investitsiya jalb qilish, yangi ish o'rinlari yaratish va 2030-yilga mo'ljallangan strategik maqsadlarga erishishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda", – deb ta'kidlangan maqola yakunida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish