O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi
Noyabr 24, 2025. 15:47 • 3 daq
• 102
ISLOMOBOD, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Charity Bazaar" xayriya festivalida mamlakatimizning shu davlatdagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur festival Pokistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, turli xalqlarning boy tarixi va madaniy merosi, turizm salohiyatini keng targ'ib qilish maqsadida muntazam ravishda tashkil etib qilinmoqda.
Joriy yilgi tadbirda Islomobod shahrida akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va mahalliy hunarmandlar o'z ko'rgazma burchaklari bilan qatnashdi.
O'zbekiston pavilyoni o'zining milliy uslubi va badiiy bezaklari, milliy taomlari, shirinliklar, hunarmandchilik mahsulotlari, xalq amaliy san'ati namunalari, musiqa asboblari hamda milliy liboslar ko'rgazmasi bilan ishtirokchilar e'tiborini o'ziga jalb qildi. Palov, manti, somsa, lag'mon kabi milliy o'zbek taomlari, holva, chak-chak va boshqa shirinliklarining mazasi tadbir mehmonlari tomonidan yuqori baholandi.
Mamlakatimiz burchagida o'zbek milliy musiqalari yangrab turgani tadbirga o'zgacha shukuh baxsh etdi. Andijon polkasi va Lazgi kuylari ijro etilgan raqslar Islomobod shahri aholisi va mehmonlari hayratini oshirdi.
Tadbirning 15 mingga yaqin mehmonlari, jumladan, tashkilotchilar, diplomatik missiyalar xodimlari va mahalliy OAV vakillari o'zbek pavilyonini yuksak baholadi. Ular xalqimizning tarixiy va madaniy merosi noyob ekanligini, hunarmandchilik buyumlarining bejirimligini hamda milliy taomlarimiz mazasining tengi yo'qligini alohida e'tirof etdi.
Pokiston bosh vaziri o'rinbosari – tashqi ishlar vaziri Is'haq Dar tadbirda bosh mehmon sifatida qatnashdi va O'zbekiston pavilyoni bilan tanishdi.
Pokiston TIV rahbari o'zbek xalqining boy tarixiy va madaniy merosi, shuningdek, milliy taomlarning betakrorligi katta taassurot qoldirganini ta'kidladi. Is'haq Dar, bunday tadbirlarning madaniy diplomatiya va ikki tomonlama hamkorlik uchun muhim ahamiyatini qayd etdi.
– O'zbekiston va Pokiston umumiy tarixiy va madaniy ildizlar bilan chambarchas bog'langan, – dedi Pokiston TIV rahbari. – Bunday festivallar xalqlarimizni, yoshlarimizni yana-da yaqinlashtiradi, ularni umumiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi. Ushbu tadbirlar do'stlik va hamkorlik ruhida oldinga harakat qilishga yordam beradi. Men O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasiga mazkur festivaldagi ajoyib ishtiroki va o'zbek xalqining boy madaniyati va qadriyatlarini yuqori mahorat bilan taqdim qilgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Turkiya, Xitoy, Malayziya, Tunis, Ozarbayjon, Vyetnam, Turkmaniston, Chexiya, Indoneziya, Falastin, Suriya, Yaponiya, Filippin, Marokash, Yaman, BAA va boshqa mamlakatlarning Pokistondagi elchilari, mezbon mamlakat TIV mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham O'zbekiston pavilyoniga tashrif buyurib milliy qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishgan holda, ularni yuksak baholadi.
O'zbekistonning Pokistondagi turizm elchisi Hamid Mahmud "Charity Bazaar" xayriya festivali turli xalqlar milliy qadriyatlari, urf-odatlari, oshxonasi, xalq o'yinlarini targ'ib etish barobarida, ko'makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga qaratilganini ta'kidladi.
– O'zbekistonning mazkur loyihada ishtiroki, shuningdek, xalqingizning go'zal an'analari, tarixi, turmush tarzi, qadriyatlari va eng muhimi o'zbek milliy oshxonasining taqdimotlari alohida ahamiyatga ega bo'ldi, – dedi u. – Pokiston aholisi va mehmonlari O'zbekiston taqdimotidan juda xursand bo'lishdi. Turizm elchisi sifatida, menga bugungi ishtirok O'zbekiston sayyohlik salohiyati bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyat bo'lganini ham ta'kidlashim kerak. Bunday tadbirlar sayyohlar almashinuvi oshirib, do'stlik aloqalarini mustahkamlaydi.
Tadbir doirasida o'tkazilgan "Xalqlar paradi" hamda konsert dasturida elchixona xodimlarining farzandlaridan iborat ijodiy guruh Andijon polkasi raqsini ijro etdi. Bolajonlarning chiqishlari tomoshabinlarga ko'tarinki kayfiyat ulashdi. E'tiborlisi, ko'plab tomoshabinlar o'zbek musiqasi sadolari ostida birgalikda raqsga tushdilar.
O'zbekistonning "Charity Bazaar" xayriya festivali ishtiroki yurtimiz madaniyatini Pokistonda keng targ'ib qilish, madaniy diplomatiya orqali mezbon mamlakat aholisining O'zbekiston haqidagi xabardorligini yana-da oshirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
Ukraina OAV: O'zbekistonda xususiy klinikalarni qo'llab-quvvatlash rivojlantiriladi