Logo

"Berliner Telegraph": Toshkent jahon investorlari uchun o'z eshiklarini ochmoqda

May 12, 2025. 09:44 • 2 daq

69
"Berliner Telegraph": Toshkent jahon investorlari uchun o'z eshiklarini ochmoqda

BERLIN, 12-may. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning "Berliner Telegraph" jurnalida "Toshkent jahon investorlari uchun o'z eshiklarni ochmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi shu yilning 10-12-iyun kunlari butun dunyo investorlarini Markaziy Osiyo Ekspomarkazida bo'lib o'tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumiga (TXIF - 2025) taklif etayotgani ta'kidlangan.

Qayd etilishicha, forumda 75 dan ortiq mamlakatdan 3 mingdan ortiq investorlar, bankirlar, siyosatchilar, iqtisodchilar, ishbilarmon doira vakillari hamda raqamlashtirish va "yashil" iqtisodiyot sohasidagi yetakchi ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. "Anjumanning asosiy mavzulari etib, raqamlashtirish va sun'iy intellekt, "yashil" energiya, suv resurslari, shahar infratuzilmasi, shuningdek, qishloq xo'jaligi, turizm, tog'-kon sanoati va raqamli iqtisodiyot belgilangan", – deya ta'kidlanadi maqolada.

Nemis nashri mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti yiliga o'rtacha 6 foizga o'sib borayotganini, 2020-yildan buyon mamlakat iqtisodiyotiga 90 milliard dollardan ortiq xorijiy kapital kiritilganini, soha ekspertlarining prognozlariga ko'ra, 2030-yilga borib YIM hajmi 200 milliard dollarga yetishi mumkinligini qayd etgan. "Bunday yuqori o'sish mamlakatning Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri ekanligini tasdiqlaydi", – deyiladi maqolada.

Materialda O'zbekiston poytaxtida har yili o'tkazilib kelinayotgan ushbu forumning o'tgan yilgi natijalariga ham e'tibor qaratilgan. Ma'lum qilinishicha, "TXIF-2024"da salkam 2 ming 500 ishtirok etdi va forum yakunida 26,6 milliard AQSh dollariga teng shartnomalar imzolandi.

"TXIF-2025 nafaqat tajriba almashish platformasi, balki u O'zbekistonning ustuvor tarmoqlariga xorijiy sarmoyalarni jalb etish va jahon iqtisodiy tendensiyalarini muhokama qilishning samarali vositasidir. Biz barcha manfaatdor tomonlarni ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif etamiz", – deya O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov so'zlaridan iqtibos keltirilgan nashrda ".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish