Logo

"Diplomatic World Sweden": O'zbekiston Prezidenti BMT minbaridan turib ko'p tomonlama hamkorlikni rag'batlantirishga qaratilgan global tashabbuslarni ilgari surdi

Sentabr 24, 2025. 19:58 • 2 daq

79
"Diplomatic World Sweden": O'zbekiston Prezidenti BMT minbaridan turib ko'p tomonlama hamkorlikni rag'batlantirishga qaratilgan global tashabbuslarni ilgari surdi

STOKGOLM, 24-sentabr. /"Dunyo" AA/. Shvetsiyaning "Diplomatic World Sweden" jurnalida "O'zbekiston Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi va BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq so'zladi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifi doirasida 23-sentabr kuni amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan uchrashgani ma'lum qilingan.

"Ikki davlat rahbarlari strategik sheriklikni yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yo'nalishlarini muhokama qildilar, hozirgi xalqaro vaziyat yuzasidan fikr almashdilar", – deyilgan maqolada.

Ta'kidlanishicha, Prezident Donald Tramp O'zbekiston yetakchisining Amerikaning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan muzokaralari natijalarini olqishladi. Ushbu muzokaralar chog'ida O'zbekiston va AQSh o'rtasida fuqaro aviatsiyasi, tog'-kon sanoati, muhim foydali qazilmalar, moliya, innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor yo'nalishlarda yangi bitimlar tuzildi.

"Prezidentlar darajasidagi aloqalar ikki davlat, xususan, iqtisodiy sohada yaqinlashuvga yordam bermoqda. Uchrashuv oldidan AQSh yetakchisi Donald Tramp o'zbekistonlik hamkasbini maqtab, janob Mirziyoyevni "so'zining ustidan chiqqan odam" deb ta'rifladi. O'z navbatida Prezident Shavkat Mirziyoyev uni O'zbekistonga tashrif bilan borishga taklif qildi", – deyilgan manbada.

Shvetsiya OAV, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasining yalpi majlisida nutq so'zlaganini haqida yozdi. U xalqaro hamjamiyatni global tashkilotni yangilashga va kuchayib borayotgan global inqirozlarni yengish uchun jamoaviy yechimlar ishlab chiqishga chaqirdi.

O'zbekiston rahbari o'z nutqida mamlakatning barqaror va iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi. U BMT minbaridan turib iqlim, "yashil" energiya, raqamli transformatsiya, transport aloqasi va suv resurslari sohalarida ko'p tomonlama hamkorlikni rag'batlantirishga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni ham ilgari surdi.

"O'zbekiston rahbari, shuningdek, uning mamlakati kelasi yili Jahon suv forumiga mezbonlik qilishini ham ma'lum qildi", – deb yozgan "Diplomatic World Sweden".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish