"Sahm News" gazetasi: O'zbekistonda yangi ish o'rinlari yaratayotgan xususiy tadbirkorlar va o'zini o'zi band qilganlar qo'llab-quvvatlanmoqda
Fevral 10, 2025. 09:49 • 2 daq
• 47
AR-RIYOZ, 10-fevral. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Sahm News" gazetasida "Tashqi mehnat migratsiyasi – O'zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining asosiy manbalaridan biridir" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonda 2017-yildan boshlab mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotining uzoq muddatli rivojlanish trayektoriyasini belgilab beruvchi keng ko'lamli o'zgarishlar jarayoni boshlangani qayd etilgan. Xususan, tashqi mehnat migratsiyasiga bo'lgan yangicha yondashuv shakllangani, mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish doirasida yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar bunga yaqqol misol bo'lishi ta'kidlangan.
"Endilikda bir qator normalar har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to'lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo'lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega ekanini kafolatlaydi", – deb yozilgan manbada.
Qayd etilishicha, mamlakat aholisi sonining jadal o'sib borayotganini hisobga olgan holda, O'zbekiston hukumati oldida ish qidirayotgan fuqarolarni bandligini ta'minlash, shu jumladan yangi ish o'rinlarini yaratish bo'yicha yangi vazifalar turibdi.
Ma'lum qilinishicha, mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida mutlaq demografik o'sish bo'yicha yetakchilik qilmoqda. Statistika agentligi ma'lumotiga ko'ra, 2025-yil boshida O'zbekiston aholisi soni 37,5 milliondan oshdi. Bu ko'rsatgich, 2024-yil boshiga nisbatan salkam 750 ming kishi ko'p.
"Bugungi kunda aholi orasida mehnat resurslarining ulushi 54,2 foizni tashkil etadi, shundan 10,4 foizi chet elda mehnat qilmoqda. Mazkur muammoni hal etishga kompleks yondashish maqsadida mamlakatda yangi ish o'rinlari yaratilmoqda, xususiy tadbirkorlar va o'zini o'zi band qilganlar har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda. Qishloq joylarida tomorqa yerlaridan foydalanish rag'batlantirilyapti, tashqi mehnat migratsiyasini diversifikatsiya qilish choralari ko'rilmoqda", – deb yozgan "Sahm News" gazetasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi