Logo

"Avesta" AA: Yangi O'zbekistonda raqamli iqtisodiyot taraqqiyotning asosiy "drayver"iga aylanmoqda

Fevral 15, 2024. 17:59 • 3 daq

66
"Avesta" AA: Yangi O'zbekistonda raqamli iqtisodiyot taraqqiyotning asosiy "drayver"iga aylanmoqda

DUSHANBE, 15-fevral. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi "O'zbekiston: raqamli iqtisodiyot taraqqiyotning drayveri" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.

"Rivojlangan mamlakatlarda raqamli texnologiyalar iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tezlashtiradi va aholi farovonligini oshiradi, – deb yozgan muallif. – O'tgan yil 20-dekabr kuni davlat rahbari raisligida o'tkazilgan tarmoqlar va hududlarda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo'yicha ustuvor vazifalarga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida O'zbekistondagi mazkur sohadagi vaziyat chuqur tahlil qilingan edi".

Nashrda O'zbekistonda davr talablaridan kelib chiqib, telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga e'tibor qaratilayotgani ta'kidlangan. Birgina, 2023-yilning o'zida ta'lim, bank, moliya, bojxona, qishloq xo'jaligi, geologiya va kadastr sohalarini raqamli o'zgartirish doirasida 100 ta dasturiy ta'minot loyihasi ishlab chiqildi. 500 dan ortiq IT kompaniya tashkil etilib, sohaga 475 million dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoya kiritildi. O'tgan yil yakunlariga ko'ra, sohada xizmat ko'rsatish hajmi 10 trillion so'mga yetdi, eksport hajmi 300 million dollardan oshdi.

"Ochig'i, bu raqamlar O'zbekiston salohiyati uchun yetarli emas. Shuningdek, uchun mamlakat rahbariyati tomonidan sohani rivojlantirish maqsadida qo'shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Yangi imkoniyatlar tufayli 2024-yilda IT xizmatlar hajmini ikki barobarga oshirish mumkin. Bunga erishish uchun chet tili va texnologik ko'nikmalarga ega bo'lgan kadrlarga bo'lgan ehtiyojni to'ldirish kerak", – deya qayd etilgan maqolada.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun O'zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligiga 8 ming nafar iqtidorli yoshlarni tanlab olish va ularni nufuzli xalqaro kompaniyalar standartlariga mos dastur bo'yicha o'qitish vazifasi yuklatildi.

Kelgusi yilda «Har bir mahallada kamida ikkita dasturchi» loyihasi ishga tushiriladi. Amerikalik hamkorlar bilan birgalikda Inklyuziv raqamlashtirish loyihasi doirasida 20 ming kishi ish bilan ta'minlanadi. 2026-yilda mamlakatimizda ilk bor informatika bo'yicha xalqaro olimpiada o'tkaziladi. Bularning barchasi ushbu sohadagi imkoniyatlarni oshirishga yordam beradi. Raqamlashtirish tashkilot va idoralardagi korrupsiya darajasini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.

"O'tgan yilning 20-dekabr kuni davlat rahbari Raqamli boshqaruv markaziga tashrif buyurib, "O'zbekiston – 2030" strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Unda mamlakatimizni mintaqaviy IT xabga aylantirish maqsadi belgilangan. Bu davlat boshqaruvi va sanoatni raqamlashtirish, kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish va IT ta'limni rivojlantirishga bog'liq", – deyiladi maqolada.

Nashrda, shuningdek, "O'zbekiston – 2030" strategiyasida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish kabi muhim vazifalar belgilangani qayd etilgan.

"Buning uchun hududlarda IT infratuzilmasini va venchur bozorni rivojlantirish, mahalliy korxonalar eksportini «mahalliydan globalgacha» tamoyili bo'yicha rag'batlantirish, mamlakatda xalqaro kompaniyalarning vakolatxonalarini ochish kabi chora-tadbirlar ko'zda tutilgan", – deb yozilgan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish