Logo

JETRO: O'zbekiston IT sohasidagi yutuqlari bilan nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro hamkorlik uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda

Aprel 28, 2025. 09:23 • 2 daq

87
JETRO: O'zbekiston IT sohasidagi yutuqlari bilan nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro hamkorlik uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda

TOKIO, 28-aprel. /"Dunyo" AA/. Yaponiya xalqaro savdo tashkiloti (JETRO) media kompaniyasining "The World Now: JETRO Global Eye" axborot-tahliliy dasturining O'zbekistonga bag'ishlangan soni e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"The World Now: JETRO Global Eye" dasturi JETRO tomonidan Yaponiya va chet el bozorlari o'rtasidagi biznesni rivojlantirishga qaratilgan ommaviy targ'ibot dasturidir. Dastur asosan yirik korporatsiyalar, kichik va o'rta korxonalarga axborot berish, biznesni qo'llab-quvvatlash uchun mo'ljallangan.

Tahliliy dasturda O'zbekiston so'nggi yillarda raqamli taraqqiyotga katta e'tibor qaratayotgani ta'kidlangan. "Bu jarayonda IT sohasi strategik rivojlanishning asosiy yo'nalishlardan biri bo'lib, yosh va iqtidorli mutaxassislarni tayyorlashga alohida e'tibor berilmoqda. Ayniqsa, Yaponiya bilan olib borilayotgan hamkorlik bunga yaqqol misol bo'la oladi", – deyilgan manbada.

Qayd etilishicha, O'zbekistonda aholining 60 foizi 30 yoshgacha bo'lgan yoshlardan iborat. Bu raqam mamlakatda IT sohasini rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlarni yaratadi. Respublika quruqlikda joylashgani logistika sohasida muammolar yaratsada, IT kabi internet orqali amalga oshiriladigan sohalarda bunday to'siqlar deyarli mavjud emas.

"2030-yilga kelib Yaponiyada 800 mingga yaqin IT mutaxassisi yetishmasligi kutilmoqda. O'zbekiston bu ehtiyojni ta'minlashga intilmoqda. Mamlakatdagi "Japan Digital University" oliygohida yapon tili, madaniyati va kasbiy ko'nikmalarni o'rgatishga ixtisoslashgan. Bu universitet Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan va talabalarga ikki tomonlama diplom olish imkonini beradi", – deya ta'kidlangan dasturda.

Ma'lum qilinishicha, o'zbekistonlik talabalar Yaponiya kompaniyalaridan to'g'ridan-to'g'ri buyurtmalar olib, amaliy tajriba to'plamoqda. Bu tajriba ularni Yaponiyada ishlashga tayyorlashga xizmat qiladi. Ko'plab talabalar amaliyot va ishlash uchun Yaponiyaga kelayapti.

2019-yilda tashkil etilgan IT-park kompaniyalarga soliq imtiyozlari, infratuzilma va boshqa ko'maklarni taklif etadi. 2021-yilda 23 ta bo'lgan xorijiy kompaniyalar soni 2025-yilda 600 taga yetdi. Bu O'zbekistonning autsorsing markaziga aylanish yo'lidagi katta yutug'idir.

"O'zbekiston IT sohasidagi yutuqlari bilan nafaqat ichki bozor, balki xalqaro hamkorlik uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda. Yaponiya bilan olib borilayotgan hamkorlik, ta'lim va autsorsing loyihalari bunga misoldir. Bu jarayondagi izchillik va davlatning qo'llab-quvvatlashi natijasida O'zbekiston Markaziy Osiyodagi IT markaziga aylanishi kutilyapti", – deb ta'kidlangan JETRO dasturida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish